Shu murabbiy boshqarar ekan terma jamoada o‘ynamayman!
“Ayaks” yarim himoyachisi Sofyan Amrabat Muhammad Uabi Marokash milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lib turgan vaqtda terma jamoa safida o‘ynamasligini ma’lum qildi.
- Marokash sharafini himoya qilish faoliyatimdagi eng buyuk sharaf bo‘ldi. 12 yil avval terma jamoaga birinchi marta chaqiruv olganimdan beri mamlakatim uchun bor kuchimni berdim va milliy terma jamoa libosini faxr bilan kiydim. Marokashga bo‘lgan muhabbatim va bu jamoa men uchun anglatadigan barcha narsa hech qachon o‘zgarmaydi.
Bu juda qiyin qaror bo‘ldi, ammo hozirgi bosh murabbiy bilan terma jamoani himoya qilishda davom etishga o‘zimni qodir, deb his qilmayapman. Shuning uchun u o‘z lavozimida qolar ekan, milliy terma jamoaga chaqiruvlar uchun o‘zimni mavjud emas, deb e’lon qilaman.
Terma jamoa va bu qarorga aloqador barcha insonlarga hurmat yuzasidan qarorim sabablarini oshkor qilmaslikni afzal ko‘raman. Aniklik kiritmoqchiman: men milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlamayapman va kelajakda yana Marokash sharafini himoya qilish eshigini yopmayapman, - deb yozdi Amrabat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uabi 2026 yil mart oyidan buyon Marokash terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi. Uning rahbarligida jamoa 2026 yildgi jahon chempionatida chorak finalga qadar yetib bordi va bu bosqichda Frantsiyaga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Amrabat Marokash milliy terma jamoasi safida 78 ta uchrashuv o‘tkazgan. U terma jamoa bilan birga Afrika millatlar kubogida g‘olib chiqqan va 2022 yildgi jahon chempionatida to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

Fikrlar