“Siti”dan ketganimdan afsuslandim!
Ispaniyalik mashhur himoyachi Emerik Laport “Manchester Siti”dagi faoliyati rivojlanib borayotgan pallada klubdan ketib qolgani xato bo‘lganini tan oldi.
Markaziy himoyachi sifatida Xosep Gvardiola ishonchini qozongan Emerik Laport Evropadagi yulduzlar Saudiya Arabistoniga ketayotgan davrda “An-Nasr”ga o‘tgan edi.
2023 yilning yozida “Manchester Siti” besh yil to‘p surgan Laportni sotib yuborishiga to‘g‘ri kelgan.
- Men ketganimga afsuslandim, chunki men dunyoning eng yaxshi klubida edim. U yerda futbolchilarga qanday g‘amxo‘rlik qilishlari, bu noyob holat. Vaqt o‘tib bunga o‘rganib qolasan va oddiy narsa, deb qabul qilasan, ammo ketganingdan keyin bu qanchalik ajoyib bo‘lganini tushuna boshlaysan.
Men “Manchester Siti”dan chin dildan minnatdorman. Bu klub haqida biror yomon gap ayta olmayman. Men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi, hayotimdagi eng yaxshi davrlardan biri shu jamoada o‘tgan, - dedi Laport.
Eslatib o‘tamiz, Laportning Saudiya Arabistonidagi faoliyati uzoq davom etmadi. Tajribali futbolchi 2025 yilning yozida o‘zi ilgari o‘ynagan Bilbao ning “Atletik” jamoasi safiga borib qo‘shildi.

Fikrlar