
Stadiondagi muhit qoyil qoldirgani, klubning instagram sahifasini kuzatgani va qanday kelgani haqida "Andijon"ning yangi legioneri bilan suhbat
“Andijon” jamoasining chernogoriyalik yangi legioneri Armin Boshnyak Superliganing 15-turida “Surxon”ga qarshi bellashuvda zaxiradan maydonga tushib debyutini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu o‘yinchi “Andijon”ga qo‘shilgach, o‘zining dastlabki intervyusini berdi.
- Avvalambor, O‘zbekistonga, jumladan Andijonga xush kelibsiz. Bu siz uchun faoliyatingizda yangi chaqiriq. Ayting-chi, ushbu taklif haqida eshitganingizda xayolingizdan nima o‘tdi?
- Men O‘zbekiston va uning fuboli haqida avval ham eshitgandim. Bu haqida menga Goron Miloyko aytib bergandi. Lekin O‘zbekistonga kelganimdan so‘ng shunga amin bo‘lyapmanki, Goron aytib berganidan ham ko‘ra bu erning odamlari ajoyib va mehmondo‘st, shahar chiroyli va ayniqsa, jamoa muxlislari o‘zgacha ekan. Ularni Evropa ishqibozlari bilan taqqoslaganda ham ancha yuqori darajada turishini ko‘rsatishdi. Yangi klubga keldim, ilk mashg‘ulotni hamda debyut o‘yinimni ham o‘tkazdim. Jamoani va O‘zbekiston chempionatini ancha kuchligigini his qildim.
- Ha, Goron Miloyko o‘tgan mavsum “Andijon” sharafini himoya qilgan. Siz u bilan anchadan beri tanishmisiz? Demak, bu erga kelishdan oldin u bilan maslahatlashdingizmi?
- Goron bilan besh yildan beri tanishman. Shuningdek, ikki yil mobaynida birgalikda Evropa ligasi kvalifakatsiyasida birga o‘ynaganmiz. Shuning uchun Gorondan ko‘p maslahatlarni oldim. U menga shahar va klub haqida juda yaxshi gaplarni aytdi.
- “Andijon”da debyutingizni o‘tkazdingiz. Kelishingizdan oldin nimani o‘ylagandingiz va endi xulosalaringiz qanday?
- Men futbol bilan yashayman. Bu esa O‘zbekistonni tanlashimning asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. Bu erdagi stadionlar, muxlislar, o‘yinlar, mashg‘ulot jarayonlari, umuman hammasi yuqori darajada. Avvallari ham eshitgandim, bir qator mamlakatlardan kelgan futbolchilar aytib berishgan. Shu bois o‘zimni O‘zbekistonda bemalol o‘ynab keta olaman, deb his qildim.
- Chernogoriyada chempionatida to‘p surgansiz. Umuman, bunga qadar bosib o‘tgan faoliyatingiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...
- Oxirgi o‘tkazgan yillarim haqida gapiradigan bo‘lsam, Chernogoriyaning “Ezero” jamoasida o‘ynadim. 6 ta gol urganman va 8 ta assist vazifasini bajarganman. Keyin yangi mavsumni yangi jamoada boshladim. Bu Chernogoriyadagi yangi klub edi. U erda ham gol urdim. Hozir esa mana “Andijon”daman.
- Shuningdek, Singapurda ham to‘p surgansiz...
- Shunday, bu mening Osiyodagi birinchi klubim emas. Bundan oldin Singapurda “Tampins Rovers” jamoasida to‘p surganman. Singapur chempionati darajasi yaxshi. Lekin futbolchilarining darajasi chempionatni mavqeiga nisbatan ancha kuchsizroq. Bundan tashqari, o‘sha klubda men Osiyo Chempionlar ligasida ham o‘ynadim. Endi “Andijon”da ham shunday marralarga erishmoqchiman.
- “Surxon”ga qarshi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushdingiz. Sizningcha, g‘alaba uchun nima etishmadi?
- Shunchaki, gol etishmadi. Qolaversa, omad ham etishmadi. Biz yaxshi o‘ynagandik. O‘yinchilarning darajasi juda yaxshi.
- Stadiondagi muhit sizni ajablantirdimi?
- Bunday atmosferalar haqida kelishimdan oldin klubning instagram sahifasidagi videolar orqali ko‘rgandim. Lekin maydonga tushganimdan keyin bunday muhitda har bir futbolchi o‘zini yuqori darajada his qilishini bildim. Stadiondagi atmosfera va muxlislarga gap yo‘q.
- “Andijon”da shaxsiy oldingizga qo‘ygan maqsadingiz qanday?
- Jamoa uchun borimni berishga harakat qilaman. Agar gol yoki assist haqida gap ketadigan bo‘lsa, men assistlikni tanlagan bo‘lardim. Chunki qaysi klubda to‘p surishimdan qat’iy nazar har doim gollarimdan ko‘ra assistlarim ko‘proq bo‘lgan. Qaysi chempionatda bo‘lmasin assistlar bo‘yicha men har doim 1- yoki 2-o‘rinda qayd etilardim. Shuning uchun gol urishdan ko‘ra assistlikni yaxshi ko‘raman.
- “Andijon”da 94-raqamni tanladingiz. Bu tug‘ilgan yilingiz bilan bog‘liq bo‘lsa kerak-a?
- Men 1994 yilda tug‘ilganim sababli. Faqat shu.
Fikrlar