Superklub Vinisius transferi bo‘yicha so‘rov yo‘lladi
Myunxenning «Bavariya» klubi «Real» jamoasi yarim himoyachisi Vinisius Zhunior bo‘yicha rasmiy so‘rov yo‘lladi. Bu haqida sport jurnalisti va insayder Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, braziliyalik futbolchi yozgi transfer oynasida transfer bozoriga qo‘yilishi mumkin. «Real» uning transferi bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor, chunki klub futbolchini keyinchalik tekinga yo‘qotib qo‘yishni istamaydi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab Vinisius erkin agent maqomida boshqa klublar bilan muzokara qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Avvalroq Marca nashri yozganidek, «Real» rahbariyati va futbolchi tomoni mundial yakunlangach, yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga kelishib olgan. Bu qaror Vinisiusning jahon chempionatidagi ishtirokini chalg‘itmaslik uchun qabul qilingani aytilgan.
Hozircha eng katta kelishmovchilik moliyaviy masalalarga borib taqalmoqda. Hozirgi paytda braziliyalik hujumkor futbolchining maoshi bir mavsum uchun taxminan 20 million evroni tashkil etadi. Vinisius tomoni esa yillik maoshni 30 million evro atrofiga oshirishni talab qilmoqda. Madrid klubi bu talabni amalga oshirish juda qiyin, deya baholamoqda.
Vinisius 2025/2026 yildgi mavsumda barcha musobaqalar hisobga olingan holda 53 o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 14 ta golli pas berdi.

Fikrlar