Superliga. Birinchi davrada 225 ta gol kiritildi yoxud raqamlar gapirganda!

  • 11 iyul, 2024, 14:35
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada birinchi davra o‘yinlari o‘z yakuniga etdi. Ayrim jamoalar haqiqiy syurprizga aylangan bo‘lsa, boshqa klublar o‘zlaridan kutilgan natijani ko‘rsata olishmadi. Bugun sizlarga milliy chempionatimizning ortda qolgan qismi tahlilini taqdim etamiz. 

Tecno

1-davrada bo‘lib o‘tgan 91 ta o‘yinda jami 225 ta to‘p kiritildi. Bu o‘tgan yil bilan solishtirganda  23 ta golga ko‘p deganidir. 2023 yilgi mavsum Superliganing ilk davrasidan so‘ng darvozalar 202 marotaba ishg‘ol etilgandi. 

Bo‘lib o‘tgan 13 ta tur davomida eng ko‘p o‘yinda g‘alaba qozongan jamoalar soni 3 tani tashkil etadi. “Nasaf”, OKMK va “So‘g‘diyona” 7 tadan bellashuvlarni o‘z foydalariga hal etishgan. Eng kam yutuqqa erishgan jamoa esa Bekobodning “Metallurg” klubi sanaladi. Afsuslanarli, ammo fakt bo‘lgan jihati shuki, ular hali g‘alaba nimaligini bilmay kelishmoqda - 13 uchrashuvda 7 durang va 6 mag‘lubiyat. 

Yuqorida “Metallurg”ning hali hamon g‘alabalar hisobini ocha olmaganini aytib o‘tdik. Biroq, raqib jamoalarga “Robin Gud” vazifasini bajarib, tinmay ochko ulashayotgan klublar orasida bekobodliklar yo‘q. 33 milliy chempionatimizning birinchi davrasidan keyin eng ko‘p mag‘lubiyatga uchraganlar sifatida Toshkentning ikki klubi - “Lokomotiv” va “Bunyodkor” bormoqda. Ular naqd 7 tadan bellashuvda maydonni boshi egik holda tark etishgan. Mag‘lubiyatlarga eng kam uchragan jamoalar soni esa atigi 1 ta. Bu “Nasaf” jamoasi. Qarshiliklar faqat 11-turda mavsumning kashfiyot jamoasi - “So‘g‘diyona”ga mag‘lub bo‘lishgan. 

2023 yilgi mavsumda “Neftchi” klubining duranglar seriyasiga tushib qolganligi aksar muxlislarning muhokamasidagi bosh mavzuga aylanib qolgan edi. Bu yil ana shu mavzu markazida vodiyning ikki klubi- “Andijon” va “Navbaxor”, shuningdek, tepada nomi tilga olingan “Metallurg” jamoalari borishmoqda. Mazkur 3 jamoa 7 tadan bellashuvda “konkurentlari” bilan murosa ko‘chasini tanlashgan. Duranglarga uncha-muncha holatda rozi bo‘lmaydigan ya’ni, eng kam durang o‘ynagan jamoalar esa 2 tani tashkil etadi. OKMK va “So‘g‘diyona” raqiblari bilan ochko bo‘lishishdan ko‘ra, yoki g‘alaba qozonadi, yoki mag‘lub bo‘lishni afzal bilishgan. Olmaliqliklar ham jizzaxliklar ham atigi 2 marotaba raqiblari bilan murosa ko‘chasini tanlagan.


Hozirga qadar 23 ta to‘p kiritib, chempionatning eng sermahsul jamoasi yana o‘sha “So‘g‘diyona” bo‘lib turibdi. Shuncha golning 1/3 qismidan ham ko‘prog‘i 9 ta gol bilan to‘purarlar ro‘yxatini boshqarib borayotgan Lyupche Dorievga tegishli. Bolqonlik mohir xujumchini shak-shubxasiz mavsumning 1-raqamli kashfiyoti desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “Bunyodkor” esa 8 tagina kiritilgan to‘p bilan birinchi davraning eng kam to‘p kiritgan klubi sanaladi. Birgina Lyupche Dorievning o‘zi butun boshli “qaldirg‘ochlar”dan ko‘ra ko‘proq o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ya olgan. 

Himoyachilari raqib hujumchilariga yaxshigina boshog‘riq bo‘lib, darvozasi dahlsizligini saqlab qolishda katta hissa qo‘shayotgan klublar soni ham unchalik ko‘p emas. Faqatgina Qarshining “Nasaf” jamoasi qolgan klublarga nisbatan o‘z darvozasidan ancha kam - 9 ta gol qo‘yib yuborishgan. Bu borada ularga sal yaqinroq ko‘rsatkichga ega klub olimpiya terma jamoasining asosi hisoblangan “Olimpik” sanaladi. 12 ta o‘tkazib yuborilgan gol bilan ular mazkur ko‘rsatkich borasida ikkinchi natijaga ega. Darvozasini “Buyuk ipak yo‘li” karvonsaroyining ochiq eshiklari kabi deb o‘ylaydigan jamoalar xam birinchi davrada etarlicha topildi. Mavsumning eng beqaror klublaridan biri sanalgan “Bunyodkor” yuqoridagi ta’riflarga to‘la mos tushadi. Ular 13 bellashuvda naqd 24 ta to‘p o‘tkazib yuborishgan. Bu xar bir o‘yinda o‘rtacha 2 taga yaqin gol deganidir.
 

Yakuniga etgan birinchi davra haqida qiziqarli ma’lumotlar hozircha shulardan iborat. Ikkinchi davra bellashuvlari esa 2 avgust sanasidan davom ettiriladi. Shu kuni “Qizilqum” va “Bunyodkor” qarama-qarshiligi bilan tanaffus olgan Superliga bahslari yana o‘z relsiga tushib oladi. Shuningdek, O‘zbekiston proffesional futbol ligasining(O‘zPFL) kelasi oy uchun kichik taqvimi e’lon qilindi. Taqvim e’loni berilgan xabarda avgust oyida ayrim o‘yinlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘lishi mumkinligi ham qayd etib o‘tilgan. Habarning to‘liq mazmuni esa quyidagicha ko‘rinish olgan:

Liga birinchi galda U23 O‘zbekiston termasining Parij Olimpiadasidagi ishtirokidan kelib chiqdi. Masalaga optimistik ruhda yondashib, termamizning ½ finalga qadar etib borishi mumkinligi inobatga oldik.

Liga "Surxon" arena maydoni va unda alohida VAR xonasining ishga tushishi masalasi katta ehtimol bilan avgust oyiga qadar tayyor bo‘lmasligi masalasini kun tartibiga kiritdi. 

"Lokomotiv" va "Paxtakor" stadionlarini ta’mirlash zaruriyati bor ekanligi hisobga olindi. Bunda Samarqand shahridagi "Dinamo" stadionini foydalanishga qayta topshirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. 

Aksar holatlarda bir stadiondan ikki klub foydalanayotganini inobatga olib, o‘yinlar orasidagi tanaffus va maysa parvarishi masalasini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. 

Shu va boshqa qator sabablar inobatga olinib, avgust oyi uchun reja ishlab chiqildi. Liga bunda har bir detalga e’tibor qaratishga intildi”, - deyiladi xabarda.

Demak, bizni kelasi oyda ham kubok, ham chempionat doirasida bir-biridan qiziqarli bellashuv va qarama-qarshiliklar kutib turibdi. Bularning barchasidan esa internetdagi veb sahifamiz  va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarimiz orqali bohabar bo‘lib borishingiz mumkin. 

                                                                                                                                                Humoyunmirzo Ergashev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mahmud Ttww
12/07/2024 12:32
Сўғдиёна бўрилари олға.