
Superliga dastlabki turida bo‘lib o‘tgan ilk holatlar!
"Surxon" - "Paxtakor" bahsi bilan Superliga 2024 yilgi mavsumning birinchi turi o‘z nihoyasiga etdi. Dastlabki turda ro‘y bergan eng birinchi holatlar haqida ma’lumot beramiz:
Mavsumni Namanganda bo‘lib o‘tgan "Navbahor" - "Dinamo" uchrashuvi ochib berdi (3:1). Ushbu o‘yinni Rahimbek Karimov boshqarib bordi. O‘tgan mavsumning dastlabki tur bellashuvida Aziz Asimov ("Olimpik" - "Paxtakor") hamda Rahimbek Karimov ("Metallurg" - "Neftchi")ishlagan edi.
Ushbu bellashuvning 14-daqiqasida "lochinlar"ning yangi futbolchisi Odil Hamrobekov Rahimbek Karimov tomonidan ogohlantirildi. Shu tariqa, Hamrobekov Superligada bu mavsumning ilk sariq kartochkasini oldi. 2023 yilda ham birinchi sariq Hamrobekovga ko‘rsatilgandi.
Oradan 4 daqiqa o‘tib, aniqrog‘i, 18-daqiqada Jamshid Boltaboevning uzatmasidan so‘ng Abrorbek Ismoilov to‘pni boshi bilan darvozaga aniq yo‘llab, hisobni ochdi va mavsumning ilk goliga mualliflik qildi. Boltaboev esa hammuallifga aylandi.
2023 yilda esa dastlabki gol "Olimpik" - "Paxtakor" uchrashuvida kiritilgan bo‘lib, uni Ruslanbek Jiyanov penaltidan amalga oshirgandi.
"Dinamo"ning yagona golini urgan Kojo "ko‘hna shaharliklar"ning Namangandagi "qora" an’anasiga nuqta qo‘ydi. Samarqand klubi 9 yillik tanaffusdan keyin Namanganda gol urdi. Jamoaning "Navbahor"ga so‘nggi goliga 2015 yilda Maksimilyan Fomin mualliflik qilgan edi.
Mavsumdagi ilk dublni Toma Tabatadze rasmiylashtirdi. O‘tgan mavsum bu ishni birinchi bo‘lib hozirda "Paxtakor"da o‘ynayotgan "Neftchi" a’zosi Umar Adhamzoda uddalagan edi.
Tabiiyki, "Navbahor" birinchi bo‘lib 3 ochko olgan jamoa bo‘lsa, "Dinamo" yangi mavsumda mag‘lubiyatga uchragan dastlabki klubga aylandi.
Turning birinchi durangi OKMK - "Andijon" bahsida qayd etildi (0:0).
Birinchi penalti "Navbahor" - "Dinamo" bahsida belgilandi va uni Toma Tabatadze amalga oshirdi. O‘tgan mavsumda bu ishni birinchi bo‘lib Jiyanov uddalagan edi.
Jarima zarbasidan birinchi golni "Lokomotiv" himoyachisi Dilshodjon Komilov kiritdi.
Ilk turda jami 20 ta gol kiritildi. Muxislar faqatgina OKMK - "Andijon" o‘yinida gol ko‘rishmadi.
Fikrlar