
Superligada kutilgan va kutilmagan natijalar boshlandi
Superligada dastlabki uchta tur ortda qoldi. Faqatgina 1-turda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Paxtakor” – “Mash’al” 2 aprel sanasiga qoldirilgan. Uchta turdan keyin dastlabki xulosa va tasavvurlar uyg‘onmoqda. Aniqrog‘i, kutilgan va kutilmagan natijalar boshlandi.
OKMKda 100 foizli natija
Mirjalol Qosimov bosh murabbiylik qilayotgan OKMK klubi o‘tgan yil chempionatning startidan farqli o‘laroq bu safar muvaffaqiyatli boshladi. 1-turda o‘z maydonida “Buxoro” 2:1 hisobida mag‘lub etildi. O‘shanda oxirgi daqiqalarda Ali Abdurahmonov hal qiluvchi golni urib ketdi. 2-turni ham o‘z maydonida o‘tkazgan olmaliqliklar bu safar “Paxtakor”ni taslim qildilar – 2:0. 3-turda esa OKMK mehmonda “Qizilqum”ni 1:3 hisobida engib qaytdi. To‘g‘ri, Qosimov jamoasi uchta turdan ikkitasini o‘z maydonida o‘tkazdi. Ammo raqiblardan biri “Paxtakor” edi va jamoa ulardan ham ustun kela oldi. OKMK ortiqcha shov-shuvlarsiz mavsumga tayyorlandi va asta-sekin o‘zi uchun kerakli ochkolarni yig‘ishni boshladi. Kutilganidek, OKMK Superligamiz etakchilaridan biri.
Ajablantirayotgan “Surxon”, “So‘g‘diyona” va “Paxtakor”
Ha, darhaqiqat mazkur klublar ajablantirmoqda. “Surxon” ham, “So‘g‘diyona” ham “chaqilmas yong‘oq” kabi aniq tasavvur paydo qila olgan jamoalar sanalishadi. Jizzaxliklar qishda BAA va Turkiyada yig‘in o‘tkazib keldi. Bosh murabbiy Ivan Boshkovich jamoasi bilan sovrinlardan birini yutmoqchi. Biroq jamoa kutilmaganda dastlabki uchta turdan keyin hisobida 0 ochko (!). Avvaliga Qarshida “Nasaf”ga 1:0 hisobida engildi. Keyingi ikkita turda esa Jizzaxda muxlislari ko‘z o‘ngida alamli mag‘lubiyatlarga uchradi. “Navbahor”ga 2:3, “Mash’al”ga 0:1 hisoblarida mag‘lubiyatga uchradi. 4-turda Boshkovich jamoasi “Paxtakor”ni qabul qiladi.
“Surxon” ham ruhiy o‘raga tushib qolgan. “Qizilqum”ga qarshi 2:0 hisobidagi mag‘lubiyat bilan boshlagan termizliklar bir necha yillik tanaffusdan so‘ng Termizga qaytdi. Biroq “Xorazm”ga 0:2 natijasida yutqazib qo‘ydi. 3-turda bo‘lsa, Toshkentda “Bunyodkor”ga kuchi etmadi. Lekin o‘tgan yili ham “Surxon” startni yaxshi boshlay olmagandi, keyinchalik o‘ziga kelgandi. Ko‘ramiz, bu safar qanday bo‘larkin? Buning uchun 4-turda “Surxon” Termizda “Qo‘qon-1912” qarshiligini engishi kerak bo‘ladi. Lekin Fevzi Davletov ustozlik qilayotgan “Surxon” o‘yinini o‘zgartirmasa, ayniqsa, himoya chizig‘ini mustahkamlamasa bo‘lmaydi. 3 turdan keyin 7 ta to‘p o‘tkazib yubordilar va bu hozircha Superligada eng yomon natija bo‘lib turibdi.
Portugaliyalik murabbiy boshchiligidagi “Paxtakor” ketma-ket ikkita uchrashuvda yutqazib, ajablantirdi. Yuqorida aytganimizdek, ilk turdagi uchrashuvi qoldirilgandi, keyingi ikkita turda Olmaliqda OKMKga, Toshkentda “Dinamo”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. “Paxtakor”ga nima bo‘lyapti, degan haqli savol tug‘ilmoqda. Aftidan, yangi xorijlik mutaxassis o‘zining o‘yin falsafasini singdirishda muammolarga duch kelayotganga o‘xshaydi.
Eng kuchli futbolchilarni yig‘ib olgan “Neftchi”ga nima bo‘lyapti?
Ha, qishki selektsiya chog‘ida transferlarni “portlatgan” va tarkibiga O‘zbekistondagi eng kuchli hamda qimmat narxdagi futbolchilarni qo‘shib olgan “Neftchi”ning maqsadi aniq: chempionlikni va Kubokni yutish. Qolaversa, tarkibga chempionatimizdagi eng yaxshi legionerlar ham qo‘shib olingan. Lekin dastlabki uchta turda faqat durang o‘ynashini kutganmidingiz? Birinchi turda Toshkentda “Bunyodkor” bilan 2:2 qayd etgan jamoa ikkinchi turda o‘z uyida “Qo‘qon-1912”ni engga olmadi - 0:0. Uchinchi turda esa Qarshida “Nasaf” bilan bahsda ham darvozalar daxlsiz qoldi.
5 aprel sanasida farg‘onaliklar o‘z uyida vodiy derbisida “Navbahor”ni qabul qiladi. Bosh murabbiy Vitaliy Levchenko yulduzli tarkib bilan o‘zining o‘yin uslubini qurib bitkazmagan ko‘rinadi. Agar mana shunday ochko yo‘qotishlar davom etaversa, bosh murabbiyga chiqish eshiklari ko‘rsatilmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Ammo hozirdanoq bunday kuchli tarkib bilan 6 ochkoni yo‘qotgan “Neftchi”ga bu chempionat oxirida qimmatga tushishi mumkin. Jamoa o‘yini inqiroz holatidami yoki yulduzli tarkib hali bir-birini to‘liq tushunmayaptimi? Har qanday holatda ham natija uchun asosiy javobgar Levchenko! “Navbahor” bilan o‘tadigan derbi farg‘onaliklar uchun qanday ahamiyatga egaligini o‘zlari chuqur his qilib turishibdi.
Fikrlar