
U terma jamoadan ketishini e’lon qildi
"Jenoa" klubi hujumchisi Goran Pandev xalqaro faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
Shimoliy Makedoniya va Niderlandiya terma jamoalari o‘rtasidagi “Evro-2020” guruh bosqichining so‘nggi 3-turidan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida 37 yoshli futbolchi terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgan. Pandev uchun Niderlandiyaga qarshi o‘yin Shimoliy Makedoniya tarkibidagi so‘nggi uchrashuv bo‘ladi.
Bundan tashqari, Goran aynan mana shu Evropa chempionatidan so‘ng futbolchilik faoliyatini yakunlashi mumkinligini ham aytgan. Ta’kidlash kerakki, uning "Jenoa" bilan amaldagi shartnomasi 30 iyun kuni o‘z nihoyasiga etadi.
Pandev Shimoliy Makedoniya terma jamoasida 2001 yildan buyon harakat qilib kelmoqda. U o‘tgan davr mobaynida jami 121 ta o‘yin o‘tkazdi va o‘z hisobiga 38 ta gol yozdirib qo‘ydi.
Fikrlar