
Ustunlik "Mash’al"da, amaldachi?
Kecha Superligada 17-turga start berildi. Bugun yana ikkita o‘yin bo‘lib o‘tadi. Namanganda "Navbahor" "So‘g‘diyona"ni qabul qilsa, "Mash’al" G‘uzorda "Dinamo"ni qabul qiladi.
Ayni paytda "Mash’al" 15 ochko bilan turnir jadvalida 13-o‘rinni band etib turgan bo‘lsa, "Dinamo" 30 ochko jamg‘arib 5-o‘rinda boryapti. O‘tgan turda samarqandliklar o‘z uyida "Navbahor"ga qarshi bellashuvda tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib alamli durang qayd etdi. "Mash’al" esa G‘uzorda "Paxtakor"ni qabul qildi. Garchi munosib qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Tan olish kerak o‘yin sifati bo‘yicha "Dinamo" kuchliroq. Ustiga-ustak "Mash’al"da bosh murabbiy o‘zgarganini bilasiz. Asror Aliqulov o‘rnini Otabek Narzullaev egalladi va u debyutini mag‘lubiyat bilan boshladi. Endi ketma-ket mag‘lubiyatlarga Narzullaev rozi bo‘lmasa kerak. U ancha tajribali bo‘lgan raqibi va uning ustozi Abramovga qarshi balki syurpriz tayyorlayotgandir, nima deysiz?!
Faqat "Mash’al" "Dinamo"ga qarshi bahsda yanada kuchliroq va jamoaviy tarzda o‘yin namoyish etishi kerak bo‘ladi. Aks holda Abramov jamoasi raqibini kechirib o‘tirmasa kerak. Tomoshabop o‘yin bo‘lishi kutilayotgani rost. Lekin mehmonlarga nisbatan "Mash’al"da bosim ko‘proq.
Jamoalarning o‘zaro o‘yinlar statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, milliy chempionatda 39 bor kuch sinashishgan. Natijalar "Mash’al" klubining ustunligini ko‘rsatmoqda.
Muborakliklar 19 o‘yinda g‘alaba qozonishgan, 4 uchrashuv durang bilan yakunlangan. Samarqandliklar esa 16 bor raqibini mag‘lub etgan. To‘p kiritish borasida ham ustunlik “Mash’al” tomonida – 43:43 O‘zaro o‘yinlarda “Dinamo” 52, “Mash’al” 61 ochkoni o‘z hisoblariga yozib qo‘yishgan.
“Mash’al”ning “Dinamo” ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi – 4:1. “Dinamo”ning “Mash’al” ustidan o‘zaro o‘yinlardagi eng yirik muvaffaqiyati esa 5:0 ni tashkil qiladi.
Statistikada ustunlik qilayotgan "Mash’al" bu safar yana amalda buni ko‘rsata oladimi-yo‘qmi? Buni birgalikda kuzatamiz.
Darvoqe, "Dinamo" ham ushbu bahsda yolg‘iz bo‘lmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, safarda o‘tadigan bugungi muhim bahsda Samarqanddan G‘uzorga boradigan yuzlab muxlislar «Dinamo» jamoasini stadionda qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu o‘yin «Sport» telekanali orqali soat 20:00 da jonli efirda namoyish etiladi.
Fikrlar