
“Vodiy derbisi” oldidan muxlislar qanday fikrda?
19 avgust kuni “Navbahor” Farg‘onada “Neftchi” jamoasi mehmoni bo‘ladi. Mazkur uchrashuvga "lochinlar" muxlislari ham qizg‘in tarzda hozirlik ko‘rishmoqda desak xato bo‘lmaydi. Farg‘onada o‘tadigan bahs oldidan faol ishqibozlardan biri Farhod Umaraliev va Muxtor Yusufbaev o‘z fikrlarini bildirishdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Farhod Umaraliev: - Farg‘onada bizni ajoyib qarama-qarshilik kutib turibdi. “Navbahor” mehmonda to‘p tepishiga qaramay futbolchilarimizni “Istiqlol” o‘yingohida yolg‘izlatib qo‘yish niyatimiz yo‘q. Bugungi kunda minglab namanganliklar Farg‘onadagi uchrashuvni bevosida o‘yingohda ko‘rishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan. Barchaga ma’lumki, biz muxlislar “Navbahor”ni har tomonlama qo‘llashga odatlanganmiz. Ikkinchi davrani qatorasiga ikki g‘alaba bilan boshlagan jamoamizga “Neftchi” bilan o‘tadigan uchrashuvda ham omad tilab qolaman. O‘z navbatida futbolchilarni mehmondagi o‘yinda munosib tarzda harakat qilishlari uchun qo‘limizdan kelganicha qo‘llab-quvvatlaymiz. Aynan shu maqsadda turli xil usulllar va shiorlarni o‘ylab topgan holda tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Bu borada yaqinda tashkil etilgan muxlislar klubi sardorlari ishqibozlarga yaqindan yordam berishadi.
Muxtor Yusufbaev: - Biz namanganlik muxlislarni “Navbahor” ikkinchi davraning dastlabki ikki uchrashuvida g‘alaba qozonib, benixoya xursand qildi. G‘alabalarimizni bardavom bo‘lishida, ishqibozlarimiz jamoaga chin ma’noda qo‘shimcha kuch bo‘la olishadi. Bejizga muxlislarni maydondagi 12-o‘yinchi deb aytishmaydi. Farg‘onada o‘tadigan o‘yinda ham “Navbahor”ning chin ma’nodagi 12-o‘yinchisi bo‘lamiz degan umiddaman. Bu yo‘lda barcha “Navbahor” muxlislarini birlashishga va jamoani hamjihatlikda qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman. Hamma biladiki, “derbi”lar doimo murosasiz ruhda o‘tib kelgan. O‘z navbatida bunday qarama-qarshiliklarda muxlislarning qo‘llashi ham futbolchilarga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Minglab, namanganlik muxlislar “Navbahor”ni “Neftchi” maydonida qo‘llash uchun Farg‘onaga borishadi. Ishonchim komilki, futbolchilarimiz biz muxlislarning xatti-harakatiga javoban chiroyli va mazmunli o‘yin namoyish etib, barchani xursand qilishadi.
Fikrlar