
Xorvatiya - Frantsiya: prevyu
Bugungi kun dasturidan o‘rin olgan yana bir markaziy uchrashuvda jahon chempionatining final juftligi yana bir bor to‘qnash keladi. Ular o‘rtasidagi so‘nggi 2 ta bahsda 4:2 hisobi qayd etildi va ikkisida ham Desham shogirdlari g‘alabani nishonladi.
Dalichning yig‘iniga etakchilarining to‘planishi qiyin kechmoqda. Bu gal har holda sentyabrdagidan ko‘proq yuqori saviyali futbolchilar etib keldi. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, Xorvatiya ushbu turnirda A ligada qolish uchun kurashadi. Shvetsiyaning ahvolidan kelib chiqadigan bo‘lsak, buning amalga oshishi u qadar qiyin emas. Ammo musobaqa avvalida ulardan ko‘prog‘ini kutgandik.
Frantsiya Portugaliyaga qarshi ancha ehtiyotkor futbol namoyish etdi. Ko‘pchilik mutaxassislar ushbu o‘yinni Mbappe va Ronaldu raqobatiga aylantirib yuborgani noto‘g‘ri bo‘ldi. Krishtianu va uning yosh “vorisi” bundan qo‘shimcha bosim oldi va biz yopiq, zerikarli futbol ko‘rdik.
So‘nggi to‘qnashuvlardan kelib chiqsak, bizni gollarga boy o‘yin kutyapti.
Xorvatiya
Sobiq Yugoslaviya o‘tgan asrning so‘nggi dekadasida bo‘linib ketgach, turli davlatlar paydo bo‘ldi. Ular orasida eng katta futbol jamoasi Xorvatiyada yuzaga keldi. Ammo mana qariyb 30 yil bo‘ldiki, hamon frantsuzlar biror marta engilmadi: 2 ta durang, 5 ta mag‘lubiyat.
Xorvatiyaning yuqori saviyali jamoa ekaniga shubha bildirmaymiz. Ammo haqiqiy grand jamoa hech bo‘lmaganda 1 marotaba o‘z raqobatchisidan ustun kela olgan bo‘lishi zarur. Bugun buning imkoni bor. Ko‘ramiz, Dalich shogirdlari bundan qay tariqa foydalana olishar ekan.
Taxminiy tarkib: Livakovich, Tsaleta-Tsar, Lovren, Barishich, Yedvay, Kovachich, Vlashich, Badel, Brekalo, Kramarich, Rebich.
Zladko Dalich: “Jahon chempionlari mehmonimizga aylanish arafasida. Ammo biz ushbu bellashuvni yutishni xohlaymiz. Xato qilishga haqqimiz yo‘q. Frantsiya har bir xatoni jiddiy jazolaydi. Biz Shvetsiyaga qarshi o‘yindagidan ham jiddiyroq munosabatda bo‘lishimiz lozim. Bizda qo‘rquv yo‘q. Nega qo‘rqishimiz kerak? Biz o‘z uyimizda o‘ynaymiz. Ha, biroz charchadik. Ammo raqibda ham xuddi shunday holat. Keling, o‘yindan zavq olamiz”.
Frantsiya
Guruhning ikki favoriti qo‘shimcha bellashuvlarda xato qilmaslik uchun o‘ynaydi chog‘i. Ammo vaziyat shu zaylda davom etsa, mag‘lub baribir Frantsiya bo‘ladi. Sababi, portugallar to‘plar nisbati bo‘yicha ulardan oldinda. “Park de Frants”da portugallarga qarshi, ta’bir joiz bo‘lsa, qo‘rqoq futbol namoyish etish jahon chempionlariga yarashmaydigan holat.
Shu bilan birga ushbu guruh taqdirini ikkinchi davrada Xorvatiyaga qarshi qanday natija qayd etish ham o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Taxminiy tarkib: Loris, Pavar, Varan, Kimpembe, Ernandes, Kante, Rabo, Pogba, Grizmann, Mbappe, Jiru.
Dide Desham: “Biz doim yanada yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin. Raqib saviyasiga qarab o‘yinni o‘zgartirishimiz mumkin. Ushbu o‘yinda hujumdagilar ancha qiynalishdi. G‘alaba qozonish uchun, oldindagi uchlik erkin harakat qila olishi lozim. So‘nggi 3 oy mobaynida biz turli uslublardan foydalanishga harakat qilmoqdamiz. Bularning barchasi “EVRO-2020” tayyorgarligi uchun xizmat qiladi”.
Xulosa o‘rnida
Jamoalarning asosiy maqsadlari haqida etarlicha ma’lumotga ega bo‘ldik. Deshamning asosiy fikri hozir Evropa chempionatiga puxta tayyorlanishda. Balki, bu yo‘lda Millatlar Ligasini qurbon qilishga ham qarshi emasdir. Ammo frantsuzlar har qanday bellashuvda maydonga faqat g‘alaba uchun tushishi aniq.
Xorvatiya esa o‘z obro‘sini saqlab qolish uchun ham grand jamoalarga qarshi o‘yinlarni yutib turishi lozim. Shvetsiyani mag‘lub etib, A ligada qolish bu kabi kuchli jamoa uchun natija hisoblanmaydi.
Kuchli jamoa g‘alaba qozonishi tarafdorimiz, ammo o‘zaro o‘yinlar statistikasini yaxshilash uchun xorvatlar g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, yaxshi bo‘lardi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar