19 yoshli go‘zal qiz mashhur Federerning alamini oldi
Ko‘plab muxlislar tomonidan tennis olamining eng chiroyli qizlaridan biri sifatida tan olingan Belinda Benchich Avstraliyada davom etayotgan Xopman kubogida jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Belinda Benchich va Rojer Federerdan tarkib topgan Shveytsariya terma jamoasi "A" guruhining dastlabki uchrashuvida Belindaning harakatlari evaziga Buyuk Britaniya vakillarini 3:0 hisobida enggan edi.
Ikkinchi turda shveytsariyalik raketka ustalari Germaniya jamoasiga qarshi kortga chiqdi. Dastlab, dunyoning eng kuchli tennischilaridan bo‘lgan Rojer Federer keskin va murosasiz o‘tgan bahsda germaniyalik Aleksandr Zverevga 6:7, 7:6, 6:7 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Endi buyog‘i ko‘p jihatdan Belinda Benchichning o‘yiniga bog‘liq bo‘lib qoldi. Iste’dodli tennischi qiz avvaliga raqibasi Andre Petkovichni 6:3, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, umumiy hisobni tenglashtirdi. Keyin esa Belinda Rojer bilan birga juftlik bahslarini 4:1, 4;2 hisobida o‘z foydasiga hal qilib, ketma-ket ikki turda zafar quchdi.
Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda Frantsiya tennischilari Buyuk Britaniya jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etib, ikkinchi g‘alabasini nishonladi:
Frantsiya — Buyuk Britaniya 3:0
Kristina Mladenovich (Frantsiya) — Xiter Uotson (Buyuk Britaniya) 6:4 5:7 6:3
Rishar Gaske (Frantsiya) — Daniel Evans ( Buyuk Britaniya) 6:4 6:2
Kristina Mladenovich va Rishar Gaske — Xiter Uotson va Daniel Evans 4:3 4:3

Izohlar (0)