
53 million havoga uchib ketdimi?
Timo Verner – APLning joriy mavsumdagi eng omadsiz transferlardan biriga aylanib bormoqda. 53 million funt evaziga sotib olingan hujumchi 29 o‘yinda 5 gol kiritdi xolos. Agar “XG” bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, muxlislarning undan ko‘ngli sovib ketishi aniq. Bundan 1 yil avval Evropa grandlari orzusiga aylangan Timoning tushib qolgan ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi…
2019/20 yilgi mavsum nemis uchun faoliyatidagi eng yaxshisi bo‘ldi. Barcha musobaqalarda 34 gol va EChL yarim final bosqichi. Shu bois, ko‘p o‘tmay superklublardan «sovchilar» oqib kela boshladi. Birinchi navbatda, «Bavariya» unga ko‘z tikdi, ammo hujumchi Germaniyada qolishni istamadi. U «RB Leytsig»dan ketsa, bu boshqa chempionat vakili bo‘lishi haqida ancha ilgari fikr bildirgan edi.
Birinchilardan bo‘lib, «Inter» rasmiy taklif bilan chiqdi. Klub sport direktori – Per Auzilioning ma’lum qilishicha, yosh futbolchi Italiyada to‘p surishdan bosh tortgan. Vaholanki, milanliklar «buqalar» bilan transfer summasi borasida kelishuvga erishgan edi.
Keyinroq, «Manchester Yunayted», «Chelsi» va «Barselona»dan bir vaqtda taklif bo‘ldi. Futbolchi Yurgen Klopp boshqaruvidagi «Liverpul»da to‘p surish orzusida edi.
“Meni «Enfild»ga ko‘chib o‘tishim haqidagi mish-mishlar quvontirdi. «Liverpul» sayyoramizning eng kuchli jamoasi. Ular bilan bir jamoada to‘p surishim uchun o‘sishim kerak.”
Aslida, Yurgen ham Vernerni o‘z klubi safida ko‘rmoqchi edi. Timo «Liverpul»ning o‘yin falsafasiga to‘liq mos keladigan ijrochi. Jamoaviy pressingda faol va hujumning istalgan qismida to‘p surishi mumkin.
Tez orada Klopp Verner bilan virtual suhbat qurishni boshladi. Ular transferning ahamiyati va kelajakdagi rejalar borasida fikr almashdi. Klublar esa, transfer summasi borasida bir qarorga kela olmadi. 50 million funt «mersisaydliklar»ga og‘irlik qildi. Oqibatda, Verner «Chelsi»ga o‘tdi. «Liverpul» esa, Diego Jotaning transferi uchun 41 million sarfladi.
Londonga ko‘chib o‘tgach, omad Timoni to‘liq tark etdi. Sermahsullik juda ham past. Orada hatto, golsiz o‘yinlar seriyasi 1000 daqiqaga etib qoldi. Oqibatda, muxlislar unga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib qo‘ydi.
Futbolchining o‘zi vaziyatni o‘zgacha izohladi. U APLdagi intensiv futbolga ko‘nikib ketishi qiyin bo‘layotgani bilan bog‘ladi.
«Avvaliga, men Bundesligadagi kabi APLda ham bemalol to‘p surishga qodirman, deb o‘yladim. So‘nggi bir necha oyda osmondan erga tushib kelishimga to‘g‘ri keldi. Angliyada birorta o‘yinni bemalol o‘tkazish uchun imkoniyat berishmaydi. Bu erdagi barcha futbolchilar 190 sm bo‘yga ega va juda tezkor. Ayniqsa, himoyachilari juda ham baquvvat. APLning intensiv futboli meni hayron qoldirdi.»
Qahramonimiz muammoni APL bilan bog‘laganiga qaramay, terma jamoa safida ham «qovun tushirib» qo‘yishni kanda qilmayapti. Ayniqsa, 31 mart sanasida Germaniya Shimoliy Makedoniyadan 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgach, tanqidchilar soni keskin ortib ketdi. O‘yinning antiqahramoni sifatida barcha Vernerni ko‘rsatdi. Juda qulay vaziyatdan foydalana olmagan forvard sukut saqlashni afzal ko‘rdi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, u Lonondagi omadsizlik sababli ruhan tushkunlikda. Tuxel uning faoliyatini qayta ishga tushirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirmoqda. Afsuski, hozircha murabbiyning mehnati samara bermayapti.
“Men uni avvalgi darajasiga chiqishiga ishonchim komil. Shunchaki, qo‘lni tushirib yubormaslik kerak. Biz undan juda ham ko‘p narsa talab qilyapmiz. U keltirayotgan foyda hech kimning ko‘ziga ko‘rinmayapti. Shaxsan men, o‘yinidan qoniqish hosil qilyapman. Hozir yomon narsalar haqida o‘ylaydigan payt emas. U o‘zi haqidagi turli maqolalarni o‘qimasligi shart. Hatto, qo‘shimcha mashg‘ulotlar ham kerak emas. U mashg‘ulotlardan so‘ng, so‘nggi zarba borasida ishlamoqchi edi. Men uni uyiga jo‘natib yubordim. Timo hayron bo‘ldi. Men unga: «sen bu ishni 6 yildan beri qilib kelyapsan. Miyaning qanday zarba berish kerak ekanligini yaxshi biladi. Shu bois, unga qayta yuklama berish shart emas. Xavotir olma. Gollar o‘zi seni qidirib keladi», dedim. Agar ayol kishi siz bilan tushlik qilishni istamasa, uni majburlay olmaysiz. Yaxshisi, bir chetga chiqib turgan ma’qul. Ana shunda, ayolning o‘zi sizga qo‘ng‘iroq qiladi. Gollar ham o‘zi sizni izlab keladi. Uning ortidan quvish shart emas.”
Tomas Tuxel o‘z shogirdini to‘liq qanotlari orasiga olgani bilan, muammo hal bo‘lmaydi. Verner o‘zi istagan darajada to‘p surishni uddalay olmayapti. Talabchan ingliz muxlislari esa, uni Fernando Torres bilan solishtirishni boshlab yuborgan. Unga sarflangan 53 million funt haqidaku, turli memlar internetni to‘ldirib tashladi.
«The Sun» nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Frenk Lempardning klubni tark etishida Verner transferi katta rol ijto etgan. Rahbariyat Timo va Kay Xavertsning o‘yinidagi keskin pasayishni kuzatgach, ularga sarflagan pullardan xavotirga tushgan. Boz ustiga, Roman Abramovichga klub sport direktori bu yigitlarni Frenk Lempard va Dide Drogba darajasiga chiqishini aytgan. Ushbu transferlarni qutqarib qolish maqsadida, nemis futbolidan xabardor Tomas Tuxel varianti tanlangan ekan. «Chelsi» ancha yillardan beri markaziy hujumchi izlash bilan band. Alvaro Morata, Gonsalo Iguain singari yigitlar ish bermagach, rahbariyat Vernerning transferiga qo‘l urgan.
Endi barchasini o‘nglash qahramonimizning qo‘lida. U ruhiy tushkunlikka tushib qolmasligi va yana avvalgidek dadil qadamlar bilan harakat qilishi kerak. Aks xolda, Fernando Torresning boshiga tushgan kunlar uni kutib turibdi. Quvonarlisi shundaki, Timo hali yosh. U o‘z ustida ishlashdan to‘xtab qolmasa, tez orada yana o‘z darajasiga qaytishi mumkin.
Fikrlar