Bakayoko nega “Chelsi”da o‘z o‘rnini topolmadi?

  • 18 avgust, 2018, 09:47
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Fratsniyalik yarim himoyachi “Stemford Bridj”dagi bir yillik faoliyatidan keyinoq uni tark etdi va Italiya sari yo‘l oldi. Xo‘sh, nima uchun uning London g‘arbidagi ishlari yurishmadi? Shu haqida mulohaza yuritamiz.

Tecno

Temue Bakayoko faoliyatida yangi sahifa ochildi. U bir yillik ijara asosida “Milan” klubiga kelib qo‘shildi. Agarda u o‘zini ko‘rsata olsa milanliklar uning transfer huquqini sotib olishlari mumkin. Biroq frantsiyalik futbolchining “Chelsi”dagi ishlari yurishmagani bu vaziyatga olib keldi.

Surgun qilingan yarim himoyachi 2017-18-yilgi mavsumni juda og‘ir o‘tkazgan bo‘lsada, u “ko‘klar” muxlislarining sevimli futbolchilaridan biri bo‘ldi.

“Monako” safida o‘zini Chempionlar Ligasida ko‘rsatkach, Antonio Konte uni o‘tgan mavsumda 40 million funtga sotib olishga qaror qildi.

Konte uning timsolida Ngolo Kantega yaxshi hamkorni ko‘rdi. Sesk Fabregas hujumda faol ishtirok etishi uchun ikki yoki uch kishilik yarim himoya tizimida Bakayokoning imkoniyatlarini yuqori baholadi. Xatto klub muxlislari unga bag‘ishlab qo‘shiq ham yaratishdi.

Shunga qaramay, bunday umidlar sekin asta so‘nib bordi. 2016-17-yilgi mavsumda premer Ligada “Yilning eng yaxshi futbolchisi” bo‘lgan Kante oktyabrda jarohat olgach, Fabregas va Bakayoko tandemi ish bermadi. “Chelsi” “Kristal Pelas”dan ikkala uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lgan yagona jamoa bo‘ldi. “Roma”dan uchralgan yirik 3-0 hisobidagi mag‘lubiyatda ham bosh murabbiyning rejalari ish bermadi.

Kante qaytgach ham Bakayoko o‘zini tiklab ololmadi. U o‘ynashda davom etdi, ammo u “Chelsi”ning ojiz nuqtasiga aylanib qoldi va klubning rasmiy kanalida “Chelsi” afsonasi Frenk Lempard tomonidan “Liverpul”ga qarshi o‘yini sabab jiddiy tanqid qilindi.

Bakayokoning sport formasida emasligi Fabregas yozda “Manchester Yunayted”ga sotib yuborilgan Nemanya Matichning vazifalarini bajarishiga to‘g‘ri kelishini anglatardi. Bakayokoni muntazam ravishda Matichga qiyoslashdi. Bu ayniqsa uzatmalar va pozitsiya tanlashga kelganida ko‘proq qiyoslanardi.

Uning fevral oyida “Uotford”ga qarshi o‘yinda ko‘plab follar ishlatishi jamoasining kamchilik bo‘lib o‘ynashiga olib keldi va turnir jadvalining o‘rtamiyona klubi londonliklarni 4-1 hisobida “er tishlatdi”.

Konte yarim himoyachiga bo‘lgan ishonchini to‘liq yo‘qotdi va unga tanqidlardan kerakli xulosa chiqarib olishi uchun bir oy berdi. Uning navbatdagi turda “Lester”ga qarshi o‘yinda yana qo‘polliklar ishlata boshlashi Kontening qizil kartochka xavfi borligi sabab birinchi bo‘limdayoq uni almashtirishiga olib keldi.

Bakayoko mavsum oxirida klubdagilar va murabbiy o‘rtasidagi ixtiloflar sabab yana asosiy tarkibga qaytdi. Biroq Maurisio Sarrining kelishi bilan vaziyat keskin o‘zgarib ketdi. Yangi murabbiy o‘zining g‘oyalari va qayta qurish siyosati bilan kelishi ma’lum edi.

Sarri yarim himoyachilardan qisqa pas o‘ynashni talab qila boshladi. Bu esa frantsiyalik tayanch yarim himoyachisining ojiz nuqtalaridan biri. Klub shu sababli “Napoli”dan 57 million funt evaziga Jorjinoni olib keldi. “Real”dan esa ijara asosida Mateo Kovachich kelib qo‘shildi.

Bakayoko esa mavsumoldi uchrashuvlarda Sarrining ishonchini yo‘qotib qo‘ydi. Uning Xalqaro Chempionlar Kubogi doirasida “Inter”ga qarshi o‘yindagi xatosi golga olib keldi. Bu esa uning “Stemford Bridj”dagi kelajagiga rahna soldi.

Endigina 23 yoshni qarshi olgan futbolchi hali yosh va u “Milan”dagi ijarasi davomida Londonga qaytishi uchun o‘zini ko‘rsata olishi mumkin. “Chelsi” afsonasi, “Monako”da yarim himoyachi bilan ishlagan Klod Makelele vatandoshining tarafini oldi va uning sahifasi yopilmaganini bildirdi. U qayta rivojlanishda davom etishi kerakligi tarafdori.

Biroq haqiqat shuki, Sarrining “Chelsi”dagi ishlari davom etar ekan uning “Stemford Bridj”ga qaytish orzusi ancha vaqtga cho‘zilishi mumkin.

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!