
Bosqon uloqtirish bo‘yicha O‘zbekiston rekordi yangilandi
Kecha Chirchiq shahrida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetining Engil atletika kafedrasi professori R.Qudratov xotirasiga bag‘ishlangan musobaqa start oldi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Turnirning birinchi kunida ayollar o‘rtasida bosqon uloqtirish bahslarida O‘zbekistonning yangi rekordi qayd etildi. Anastasiya Aslanidu turnirda 61,61 metr natija ko‘rsatdi va mamlakat rekordini yangiladi.
Bungacha bosqon uloqtirish bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi eng yaxshi natija Olga Jogoleva (2005 yil - 57,02 metr)ga tegishli edi.
Yadro uloqtirish bahslarida esa 15,11 metrlik natija qayd etgan Svetlana Proshkina g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U ushbu ko‘rsatkich orqali “Sport ustasi” talablarini bajarganini ham qayd etib o‘tishimiz lozim.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda esa yadroni 18,61 metrga uloqtirgan Sergey Dementev tengsiz bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar mos ravishda Grigoriy Kamulya (17,35 metr) va Artyom Davletov (17,01 metr)ga nasib qildi.
100 metrga yugurish bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda Sabina Shirieva 12,07 soniya natija bilan musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasida esa Jaloliddin Hamroqulov (10,85 soniya)ga teng keladigan raqib topilmadi.
Uzunlikka sakrash bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Roksana Xudoyarova (5,89 metr) g‘alaba qozondi.
Fikrlar