
“Markaziy” stadion qachon ishga tushadi?
Qarshi shahrida zamonaviy va xalqaro talablarga javob beradigan “Markaziy” stadion bor. Bu stadionda Qarshining “Nasaf” klubi o‘zining uy uchrashuvlarini o‘tkazadi.
“Markaziy” stadion 2006 yili ishga tushirilgan bo‘lib, sig‘imi 16 000 o‘rindiqdan iborat. Bundan tashqari stadionda zamon talablariga mos barcha infratuzilma barpo etilgan.
Stadionga 2016 yili yoz faslida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov shaxsan o‘zining tashabbuslari bilan tashrif buyurib, stadiondagi ahvol bilan tanishgan edilar. U inson stadionda muxlislar uchun yanada qo‘layliklar yaratish, ularning o‘yin paytidagi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun bir qator taklif va ko‘rsatmalarini bergan edilar.
Shu munosabat bilan stadionda keng ko‘lamdagi rekonstruktsiya ishlari boshlab yuborildi. Ammo shaharda 10 000 o‘rindiqqa ega bo‘lgan, zamonaviy “Geolog” stadioni bor bo‘lishiga qaramasdan, “Nasaf” klubining ichki chempionat o‘yinlari G‘uzor shahriga ko‘chirildi. Ishqibozlarning xavfsizligi yuzasidan shunday qarorga kelindi. Bunga sabab, “Geolog” stadionida maydon bilan o‘rindiqlar o‘rtasida panjara yo‘qligi bo‘ldi.
Qarshining eski shahar hududidagi yana bir stadion, eskida “Nasaf” o‘yinlari o‘tkazilgan joy o‘rnida zamonaviy yopiq suv havzasi va akvapark qo‘rilishi munosabati bilan o‘yingoh bo‘zildi.
Milliy chempionat o‘yinlarini o‘tkazish uchun Qashqadaryo viloyati markazi bo‘lmish Qarshi shahrida zamon talablariga javob beradigan boshqa stadion yo‘qligi achinarli hol. Mavjud bo‘lgan stadionda o‘yinlar o‘tkazishga esa ruxsat yo‘q.
Bu holat futbol ishqibozlari uchun ancha noqo‘layliklarni keltirib chiqarmoqda. O‘yinlarning G‘uzor shahrida o‘tkazilishi, ushbu shahar yaqinidagi tumanlar muxlislariga qo‘laylik yaratsada, ammo “Nasaf”ning asosiy muxlislari bo‘lgan qarshilik muxlislarga ortiqcha tashvish bo‘lmoqda. Chunki, G‘uzor shahri Qarshidan chamasi 45-50 km masofada uzoqda. O‘yinni tomosha qilish uchun muxlislar vaqtlarini va ortiqcha mablag‘ini sarflashga majburdirlar.
Xo‘sh, “Markaziy” stadion qachon o‘yinga tayyor bo‘ladi? Stadionda 2016 yili noyabr oyi oxiri va dekabr oyi boshlarida boshlangan keng ko‘lamdagi rekonstruktsiya ishlari davom etmoqda. Hozirgi vaqtgacha ancha ishlar amalga oshirildi. Futbol maydoni chim yotqizilishi uchun deyarli tayyor qilib qo‘yildi. Hali maydonga chim yotqizilgani yo‘q. Endi chim yotqizish uchun qo‘lay ob-havo kutiladi. Ya’ni bunga havo harorati iliq bo‘lishi talab etiladi. Aks holda maydonga yotqizilgan chim rivojlanmasdan nobud bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, stadion o‘rindiqlarini ko‘paytirish va tribunalarni maydon tomon cho‘zish uchun ishlar boshlandi. Bundan tashqari ham rejaga kiritilgan talaygina qilinadigan ishlar turibdi.
Rekonstruktsiya ishlarining borishi jarayoniga e’tibor bersak, bu jarayon ancha cho‘ziladigan ko‘rinadi. Chunki, stadion ichkarisida bayonnomaga kiritilgan rekonstruktsiya ishlar hajmi anchagina. Ishlar esa juda sust davom etmoqda.
Rekonstruktsiya ishlarini “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJga qarashli RMSU tashkiloti olib bormoqda. Bo‘layotgan ish jarayonini kuzatsangiz, stadion ishga tushirilishi bu yil tugamaydigan ko‘rinadi. Agarda bu ishlar jadallashtirilganda ham chempionat birinchi davrasi o‘tib bo‘ladi. Aslida reja bo‘yicha rekonstruktsiya ishlari mart oyi oxirlarida tugallanishi kerak. Bu vaqtga quruvchilar ulgurishmaydi.
Demak, muxlislar “Nasaf”ning bu yilgi o‘yinlarini G‘uzorga qatnab, tomosha qilishlariga to‘g‘ri keladi. Yana ortiqcha tashvish, yana ortiqcha xarajatlar.
Muxlislarnii bir tomonga qo‘yib turib, klub ahvoliga e’tibor qilsak, ancha achinarli. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, shunday ham klub byudjeti chegaralangan. Buning ustiga yana qo‘shimcha xarajatlar. Aksincha, “Markaziy” tezroq ishga tushsa, bu klubga qo‘shimcha daromad kelitirishi ham mumkin edi.
O‘ylaymanki, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi”dek Respublikamizdagi yirik sanoat korxonasi bu ishlarni o‘z vaqtida uddalaydi va vohalik futbol ishqibozlariga yana bir katta qo‘laylikni o‘z vaqtida yarata oladi.
Balki, “Nasaf”ning uy o‘yinlarini “Geolog” stadionida o‘tkazishga ruxsat bo‘lib qolar. Har holda bu qaror klub va muxlislar uchun ancha foydali bo‘lar edi.
Qarshilik muxlislar dardini Azamat Umarov oqqa ko‘chirdi
Fikrlar