Nokautchi Shohjahon ertaga Moskvada ringga chiqadi
Professional boks muxlisu mutaxassislari e’tiboriga tushgan o‘zbekistonlik nokautchi Shohjahon Ergashev (7-0-0, 7 KO) faoliyatidagi sakkizinchi jangini 15 fevral kuni Rossiya poytaxti Moskva shahrida o‘tkazadi.

Shohjahon professional boksda o‘zining mukammal texnikasi va o‘ta kuchli zarbasi bilan tanilgan. Hamyurtimiz katta ringdagi debyutini 2015 yil oxirida nishonlagan va bugungi kunga qadar ettita jangning barchasida raqibilarini muddatidan oldin engdi.

O‘zbekistonlik bokschi 2017 yildagi birinchi jangini gruziyalik Ruben Movsesyanga (13-16-1, 18 KO) qarshi o‘tkazadigan bo‘ldi.
- Bu jangga puxta tayyorlandim, - dedi Shohjahon Ergashev SPORTS.uz axborot portaliga. - Toshkentda boshlangan mashg‘ulotlar Moskvada davom ettirildi. Ayniqsa, O‘zbekiston olimpiyachilari bilan birga o‘tkazgan mashg‘ulotlarim men uchun juda foydali bo‘ldi. Jang oldidan bir hafta Sankt - Peterburg shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashdim. Asosiy e’tiborni jismoniy tayyorgarlik mashqlari va sparring janglarga qaratdim.



Shohjahonning bu galgi raqibi Ruben Movsesyan 2009 yildan buyon professional ringdagi janglarda qatnashmoqda. Bu bokschi o‘ta kuchli zarbaga ega va faoliyatidagi g‘alaba qozongan aksariyat janglarini muddatidan oldin yakunlagan.
Shohjahon Ergashev va Ruben Movsesyan bugun vazn o‘lchash marosimida qatnashdi. Unda Shohjahon 64 kilogramm tosh bosdi. Rubenning vazni esa hamyurtimiznikidan 300 grammga oshiq chiqdi.


Moskvadagi jangni professional boks olamida o‘ziga yarasha nom qozongan ko‘plab mutaxassislar kuzatib borishi aytilmoqda. Shohjahon Ergashev uchun ham ertangi jang ko‘p jihatdan ahamiyatli hisoblanadi. Chunki iste’dodli bokschimiz bu yil qit’aviy chempionlik kamari uchun jang qilishni istamoqda. Shunday keyin Shohjahon AQShdagi professional boks bellashuvlarida qatnashishni ham rejalashtirgan.

Shohjahon Ergashev - Ruben Movsesyan jangi tafsilotlari va o‘zbek bokschisining jangga oid fikrlarini SPORTS.uz axborot portalida kuzatib boring!


Fikrlar