
“Real” safida eng ko‘p sovrin yutgan futbolchilar
Madridning “Real” klubi IFFHS tomonidan XX asrning eng yaxshi klubi deb tan olingan. Qolaversa, yurtimizda ushbu jamoaga muxlislik qiluvchi insonlar juda ham ko‘p, biroq mana shunday superklub safida eng ko‘p sovrinlarni qo‘lga kiritgan futbolchilarni hamma ham bilavermasa kerak. Shunday ekan, bugun biz ular bilan tanishtiramiz.
Emilo Butrageno – 15
Emilo Butrageno “Real” safida 1982-1995 yillarda harakat qilgan bo‘lib, jamoa safida 341 o‘yinda maydonga tushgan va 124 gol kiritgan. Bugungi kunda Florentino Peresning “o‘ng qo‘li” bo‘lib ishlayotgan Butrageno “qirollik klubi” safida 15 ta sovrin yutishning uddasidan chiqqan. Jumladan, 6 bor La Liga, ikki bor Qirol kubogi, bir bora La Liga kubogi, 4 bor Ispaniya superkubogi va nihoyat, ikki bor UEFA kubogida g‘olib chiqqan. Afsuski, uning sovrinlari orasida EChL kubogi mavjud emas.
Alfedo di Stefano – 15
Di Stefano haqida ortiqcha ta’rif shart bo‘lmasa kerak. Ikki karra “Oltin to‘p” egasi sanaladigan Alfredo 5 karra Ispaniya chempionati to‘purari bo‘lgan va Madridda 11 yil to‘p surgan holda 396 o‘yinda 307 ta to‘p kiritishning uddasidan chiqqan. Klub tarixidagi to‘purarlar orasida uchinchi o‘rinda zikr etiladigan Alfredo “Real” bilan Ispaniya chempionatida 8 bor, EChKda 5 bor g‘olib chiqqan. Bundan tashqari Ispaniya kubogi hamda Qit’alararo kubok musobaqalarida bir martadan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Fernando Yerro – 16
Ispaniya terma jamoasida eng ko‘p o‘yinda maydonga tushgan futbolchilardan biri bo‘lgan Yerro “Santyago Bernabeu”da oz emas, ko‘p emas 14 yil faoliyat yuritdi. Yerro “Real” bilan 5 bor Ispaniya chempionati, 3 bor EChL, ikki bora Qit’alararo kubok, 4 bor esa Ispaniya superkubogi va bir martadan UEFA superkubogi va Ispaniya kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Raul – 16
“Real”ning yaqin o‘tmishdagi afsonasi jamoada o‘tkazgan 14 yilda 16 ta sovrin yutishga erishgan. Klub tarixida eng ko‘p gol kiritgan futbolchilar orasida ikkinchi o‘rinda zikr etiladigan “El Kapitano” klub bilan La Ligada 6 bor, Ispaniya superkubogi 4 bor, EChL 3 bor, Qit’alararo kubok ikki va nihoyat UEFA superkubogida bir bor g‘olib bo‘lgan.
Xose Antonio Kamacho – 18
Butun futbolchilik faoliyatini “Real”ga bag‘ishlagan Xose Antonio Kamacho klub safida 414 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, 9 bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan. “Blankoslar” safidagi 13 yilda esa Xitoy termasining sobiq murabbiyi 18 ta sovrinni boshi uzra baland ko‘tarishga erishgan.
Chendo (Migel) – 18
Kamacho singari faqat “Real”da to‘p surgan futbolchilardan biri aynan Chendodir. “Qaymoqaranglilar” safidagi 16 yilda 18 ta sovrin yurishga erishgan “Chendo” 500 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, 7 bor La Liga, ikki bor Qirol kubogi, 5 bor Ispaniya kubogi, bir bora La Liga kubogi va shuncha marta EChL, bundan tashqari esa ikki bora UEFA kubogida muvaffaqiyat qozongan.
Iker Kasilyas – 18
Zamonamizning eng mohir darvozabonlaridan biri bo‘lgan Iker Kasilyas “Bernabeu”dagi 17 yilda 18 ta sovrinni qo‘lga kiritishga erishgan. Ular orasida 5 ta La Liga, ikkita Ispaniya kubogi, 4 ta Ispaniya superkubogi, 3 ta EChL, ikkita UEFA superkubogi va bir martdan Qit’alararo kubok hamda Klublar o‘rtasidagi JCh g‘olibliklari mavjud.
Frantsisko (Pako) Xento – 21
“Real” bilan eng ko‘p sovrinlarga erishgan ikki futbolchidan biri Xentodir. Bolaligida Madridning boshqa jamoasi - “Atletiko”ga muhlislik qilgan Xento “Real”dagi 18 yilda 21 ta sovrinni yutishga erishgan. Jumladan, 12 bor Ispaniya chempioni, ikki bor Ispaniya kubogi, 6 bor EChK va bir bora Qit’alararo kubokda g‘olib bo‘lgan Xento EChK (EChL) kubogini 6 marta boshi uzra baland ko‘tarishga erishgan yagona futbolchi ekanligini qayd etish joiz.
Manuel Sanches – 21
Xento singari 18 yil “Real” tarkibida to‘p surgan yana bir futbolchi bu Manuel Sanchesdir. Klub safida 500 dan ziyod o‘yin o‘tkazgan sobiq futbolchi “Blankoslar” safida La Liga (8 marta), Qirol kubogi (2), La Liga kubogi (1), Ispaniya superkubogi (5), EChL (2), UEFA kubogi (2) va Qit’alararo kubok musobaqlarida g‘olib chiqishga erishgan.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar