"Uzbek Tigers" vaziyatni Toshkentda o‘nglaydi
Boks olamida eng nufuzli musobaqaga aylanib borayotgan The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalarining VII mavsumi "Uzbek Tigers" jamoasi uchun og‘ir boshlandi.
Eng murakkab guruh - "S" guruhidan joy olgan bokschilarimiz kutilmaganda dastlabki uchrashuvda "China Dragons" jamoasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. "Uzbek Tigers" murabbiylari vaziyatni o‘nglash uchun "Astana Arlans Kazakhstan" jamoasiga qarshi bo‘ladigan ikkinchi tur uchrashuviga kuchli bokschilar - Abrorjon Qodirov, Murod Ahmadaliev, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziev va Bahodir Jalolovni jalb qilgan edi.

Biroq, WSB turnirida ikki marotaba bosh sovrinni qo‘lga kiritgan qozog‘istonliklar o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida hamyurtlarimizdan ustun keldi. Bu holat o‘tgan mavsumda ham yuz bergan edi. "Uzbek Tigers" Toshkentdagi uchrashuvda yirik hisobda g‘alaba qozonib, safarda qozog‘istonlik bokschilarga imkoniyatni boy bergan.
Bu galgi uchrashuv 4:1 hisobida yakunlandi.

Hozircha ikkinchi tur yakuniga ko‘ra "Astana Arlans Kazakhstan" olti ochko bilan birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalasi esa guruhda so‘nggi o‘rinni egallab turibdi. Biroq, bokschilarimizda vaziyatni o‘nglash etarlicha imkoniyat bor.

Zero, "Uzbek Tigers" bokschilari ketma-ket uchta uchrashuvni Toshkentda o‘tkazadi. Bokschilarimiz 4 mart kuni Rossiyaning "Patriot boxing team", 18 mart kuni "China Dragons" va 1 aprel kuni "Astana Arlans Kazakhstan" jamoalarini qabul qiladi.

Bo‘lajak janglarda "Uzbek Tigers" bokschilariga g‘alaba tilaymiz va ularga ishonamiz!

Izohlar (0)