
“Vive la France” yohud Frantsiya Jahon Chempioni!
Kecha bo‘lib o‘tgan 21-Jahon Chempionati finalida Frantsiya Xorvatiyaga qarshi bahs olib bordi. Unda frantsuzlar qiyinchilik bilan harakat qilgan bo‘lsada, Pogba va Mbappelarning sa’yi-harakatlari evaziga oradan yigirma yil o‘tib ikkinchi marta dunyoning eng yaxshi termasi deb topildi.
Frantsiyaning o‘yin uslubini yoqtirish yoki yoqtirmaganligingizni aytishingiz mumkin. Ammo ular Rossiyada bo‘lib o‘tgan Mundialda eng kurashuvchan jamoalardan biri bo‘lganini alohida e’tirof etish lozim. Ular Argentinani nimchorak finalda yutganidan beri Kilian Mbappe yosh bo‘lishiga qaramay, jamoasiga katta foyda bera boshladi.
Aytishingiz mumkinki, jamoada bunday iqtidorli futbolchilar bo‘la turib, jozibador o‘yin namoyil qilishi mumkin edi. Biroq yulduzlarga to‘la ba’zi terma jamoalarning taqdiri nima bilan tugadi? Ular musobaqani ertaroq tark etishdi.
Dide Desham “Evro-2016” finalida aynan ehtiyotsizligi oqibatida mag‘lub bo‘lgandi. Ikkinchi marta bunday xatoga yo‘l qo‘ya olmasdi. Xorvatiyaga qarshi uchrashuvning birinchi bo‘limida ham “ko‘klar” ancha ehtiyotkorlik bilan himoyaviy o‘yin ko‘rsatishdi. Buni hech kim inkor qilayotgani ham yo‘q. Biroq ikkinchi bo‘limda frantsuzlar kim aslida kim ekanligini ko‘rsatib qo‘yishdi.
Oldinga borish kerak vaqtda Pol Pogba va bolakay Mbappe katta sahnaga chiqishdi. Ulardan avval Antuan Grizmann Manjukichning avtogolidan keyin jamoasini oldinga olib chiqqan edi. Pogba butun musobaqa davomida yorqin o‘yin namoyish qilmagandir, biroq uning Mbappega golli uzatmasi benazir chiqdi. O‘zi ham chiroyli golga mualliflik qildi. Mbappening golida Subashich sobiq jamoadoshining fikrini o‘qishi shart edi, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Biroq o‘tkazib yuborilgan golda uning mutlaqo aybi yo‘q. Shunchaki, zarbalar ajoyib chiqdi.
Mbappe esa finalda urgan goli bilan tarixga kirdi. 1958-yilda Peledan keyin birinchi marta finalda gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Bu esa 19 yashar yigitchaning iqtidori haqida sizga ko‘p narsani anglatishi zarur.
U birinchi bo‘limda o‘zini ko‘rsata olmadi, ko‘p vaqtini himoyadagi sheriklariga yordamlashish bilan o‘tkazdi va o‘z imkoniyatini kutdi. Ikkinchi bo‘limda esa unga berilgan imkoniyatni golga aylantirdi.
Frantsiya shu tariqa yigirma yil o‘tib, ikkinchi marta Jahon Chempionati bosh sovriniga ega chiqdi. Mbappe esa birinchisida hali tug‘ilmagan ham edi. Ushbu tarkibning ko‘pchilik qismi hali yosh va 1998-yilgi “Sen-Deni”dagi tarixiy g‘alaba haqida uzuq-yuluq hotiralarga ega bo‘lsa ajabmas.
Desham esa o‘shanda sovrinni sardor sifatida qo‘llari uzra ko‘targan bo‘lsa, Moskvada uni bosh murabbiy sifatida yuqoriga ko‘tardi. Desham futbolchilik vaqtida intizomli, kurashuvchan edi. Uning jamoasi ham u kabi mustahkam intizom bilan finalga qadar etib keldi. Avstrliya, Peru, Daniya, Urugvay terma jamoalariga qarshi shunday uslubda o‘ynadi. Biroq Belgiya va Argentinaga qarshi odatiy uslubidan biroz chekingan holda birinchi raqam ostida harakat qildi.
Xorvatiyaga qarshi finalda esa yana odatiy uslubga aylangan – himoyaviy o‘yin uslubiga qaytishdi. Ancha ehtiyotkorlik bilan harakat qilgan Frantsiya o‘z maqsadiga erishdi. Yashasin Frantsiya yohud frantsuzcha aytadigan bo‘lsak “Vive la France”!
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar