Yangi "Hasanboy Do‘smatov" paydo bo‘ldi
Ayni paytda dunyoning eng yaxshi bokschisi maqomini egallab turgan Hasanboy Do‘smatov o‘zbek boks maktabi salohiyati va qudratining yorqin timsolidir. Odatda o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari 75 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqanda ko‘proq g‘alaba qozonib kelgan. Bunga birinchi jahon chempioni Rufat Risqiev, O‘tkirbek Haydarov va Abbos Atoevni misol qilishimiz mumkin.
Endi 49 kilogramm vazn toifasi ham aynan o‘zbekistonlik bokschilar uchun qulay vaznga aylanmoqda. Bugun bu vaznda Hasanboyga teng keladigani yo‘q. Murabbiylarimiz Olimpiya o‘yinlari g‘olibiga munosib izdoshlarni tarbiyalashni davom ettirmoqda.Ana shunday yoshlardan biri Mironshoh Ibrohimovdir.
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Evropa boks konfederatsiyasi va Ozarbayjon boks federatsiyasi hamkorligida o‘ninchi marotaba "Buyuk ipak yo‘li - 2017" xalqaro turnirda Mironshohga bas keladigan birorta raqib topilmadi.
Eng engil vazn ringga chiqqan bu tezkor va chaqqon bokschimiz mezbonlar vakili Yodgor Aliev va qozog‘istonlik Asxat Jusupovni bir xil - 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi.
Oltin medal uchun shtkao‘ilgan musobaqada Eronning kuchli bokschisi Umid Ahmadsafo hamyurtimizga hech qanday qarshilik ko‘rsatolmadi. Uchrashuvni 5:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan Mironshoh Ibrohimov nufuzli turnirni o‘z foydasiga hal qildi.
Turnir finalida qatnashgan Fazliddin Meliboev kumush, yarim finalgacha etib kelgan Iqboljon Xoldorov va Sardor Begaliev musobaqaning bronza medaliga bilan taqdirlandi.






Fikrlar