
Afsuski, ular orasida Shomurodov yo‘q!
Italiya A Seriyada etti tur o‘yinlari o‘tkazilganidan keyin FIFA kunlari munosabati bilan qisqa muddatli tanaffus e’lon qilindi.
Aksariyat jamoalar futbolchilari o‘z mamlakatlari terma jamoalari sharafini himoya qilish uchun klublarni vaqtincha tark etdi.
Vaziyatdan foydalanib, statistika bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar, mutaxassislar, ekspertlar turli tadqiqotlar o‘tkazib, ularning natijalarini e’lon qilib kelmoqda.
A Seriyani tahlil qilib borayotgan mutaxassislar yuqori divizionning yigirmata ishtirokchisi boshlang‘ich tarkibda necha nafardan futbolchi xizmatidan foydalanganini hisob-kitob qilib chiqdi.
Unga ko‘ra, A Seriya debyutanti «Montsa» jami 24 nafar o‘yinchini ilk daqiqadan maydonga tushirgan. Kuchli uchlikka kirgan jamoalar o‘rtasida 22 nafar futbolchiga uchrashuvni boshlash imkonini bergan “Fiorentina” va 21 o‘yinchi xizmatidan foydalangan “Yuventus” jamoalari joy olgan.
Umumiy reyting quyidagicha ko‘rinish oldi:
1) «Montsa» 24
2) «Fiorentina» 22
3) «Yuventus» 21
4) «Torino» 20
5) «Bolonya» 20
6) «Verona» 20
7) «Sassuolo» 19
8) «Atalanta» 19
9) «Lechche» 19
10) «Udineze» 18
11) «Inter» 18
12) «Napoli» 18
13) «Kremoneze» 18
14) «Milan» 18
15) «Salernitana» 17
16) «Latsio» 17
17) «Empoli» 17
18) «Spetsiya» 17
19) «Sampdoriya» 16
20) «Roma» 15
Ko‘rinib turibdiki, Joze Mourino uchrashuvlarni boshlash bo‘yicha eng kam futbolchiga ishonch bildirgan bosh murabbiy bo‘lib turibdi. Portugaliyalik mutaxassis bundan imkoniyatni 15 nafar shogirdi – Ruy Patrisiu, Janluka Manchini, Rojer Ibanes, Kris Smolling, Marash Kumbulla, Zeki Chelik, Rik Karsdorp, Brayan Kristante, Nemanya Matich, Leonardo Spinatstsola, Nikola Zalevski, Lorentso Pellegrini, Nikolo Dzanolo, Paulo Dibala, Temmi Abraxamga bergan.
Ular orasida himoyachi Rojer Ibanes va darvozabon Ruyi Patrisiu barcha uchrashuvlarni to‘liq o‘tkazgan.
Biz uchun ahamiyatlisi va afsuslanarlisi esa, Eldor Shomurodov A Seriya doirasida biror marta boshlang‘ich tarkibda ko‘rinmaganidir. Hamyurtimiz mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rganiga qaramay, bu galgi chempionatda atigi ikki marta maydonga tushib, shunda ham juda qisqa – atigi 24 daqiqa harakat qildi.
Shuningdek, 27 yoshli legionerimiz Evropa ligasida “Ludogrets” jamoasiga qarshi 23 daqiqa o‘ynab, bitta gol urishga ham erishdi.
Vaziyat o‘zgarishini kutib qolamiz!
Ekspertlar bahosi: Shomurodov qahramon bo‘lishi mumkin edi...
Fikrlar