Aguero APL va YEChLni solishtirdi
«Manchester Siti» sobiq hujumchisi Serxio Aguero Angliya Premier-ligasi va Chempionlar ligasi oʻrtasidagi farq haqida fikr bildirdi.
«Premier-liga juda talabchan musobaqa. U jismoniy jihatdan Chempionlar ligasiga qaraganda ancha koʻproq kuch talab qiladi. APLda har bir oʻyin juda ogʻir, jismoniy kurash darajasi juda yuqori.
Chempionlar ligasida esa deyarli barcha jamoalar toʻpni nazorat qilishga, hujumni oʻz darvozasi yonidan boshlashga intilgani uchun oʻyin boshqacharoq kechadi, shu maʼnoda bir oz engilroq. Premier-liga esa mutlaqo boshqa futbol. Turnir jadvalida oxirgi oʻrinda borayotgan jamoa ham seni magʻlub etishi yoki maydonda hayotingni ancha qiyinlashtirishi mumkin», — deya taʼkidladi Aguero Stake Football nashriga bergan intervyusida.
Yevropada Aguero «Atletiko», «Manchester Siti» va «Barselona» klublari sharafini himoya qilgan. U APLda jami 275 ta oʻyin oʻtkazib, 185 ta gol urgan va 48 marta golli pas bergan.
Chempionlar ligasida esa argentinalik forvard 79 ta bahsda maydonga tushib, 41 ta gol muallifi boʻlgan va 8 ta golli uzatma amalga oshirgan.

Fikrlar