Alvarez Messini ortda qoldirdi
"Atletiko Madrid" etakchisi Xulian Alvares gol urish bo‘yicha vatandoshi Lionel Messidan o‘zib ketti.
Gap shundaki, 25 yoshli forvard UEFA Chempionlar ligasining 4-turidan o‘rin olgan bahsda Belgiyaning "Yunion" jamoasi darvozasiga to‘p kiritdi. Ushbu goldan so‘ng futbolchi Chempionlar ligasida dastlabki 30 ta uchrashuvda eng ko‘p gol urgan argentinalik futbolchiga aylandi. Bu gol uning EChLdagi 17-goli edi. Taqqoslash uchun, Lionel Messi ilk 30 o‘yinida 16 ta, Serxio Aguero 14 ta, Ernan Krespo va Lautaro Martines esa 13 tadan gol urgan. Hozirda "matraschilar" Chempionlar ligasida 4 ta o‘yinda 6 ochko jamg‘arib, turnir jadvalining 17-pog‘onasini band etib turibdi.
Ma’lumot uchun, "Spider-man" joriy mavsumda barcha turnirlarda umumiy 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol urdi va 4 golli uzatmani amalga oshirdi.



Fikrlar