Ana xolos: Fabio Kannavaro boshqa ish qidiryaptimi?
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Shimoliy Amerikadan ish topuvchi agentlik bilan kelishuv tuzdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Meksika va AQShdagi klublarda ishlash imkoniyatlarini o‘rganish uchun maxsus agentlik xizmatidan foydalanishga qaror qildi. Bu haqida Sports.kz nashri TUDN manbasiga tayanib xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Meksika chempionati yana bir jahon chempionini qabul qilishi mumkin. Ammo bu safar maydonga butsada tushadigan futbolchi emas, balki jamoa boshqaruvini qo‘lga olishga tayyor turgan murabbiy haqida so‘z ketmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Fabio Kannavaro Lotin Amerikasi bozorida faoliyat yurituvchi agentlik bilan shartnoma imzolagan. Ushbu agentlik italyanlik mutaxassis uchun Liga MX yoki MLS klublaridan birini boshqarish imkoniyatini qidiradi.
2006 yilda «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan sobiq markaziy himoyachi 2025 yildan beri O‘zbekiston terma jamoasini boshqarib kelmoqda. Unga qadar Kannavaro Italiya «Benevento» va «Udineze» klublarida, shuningdek, Zagrebning xorvatcha «Dinamo» jamoasida ishlagani qayd etilmoqda, deya yozadi meksikalik nashr.
Fabio Kannavaro 2025 yil oktyabr oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan va bu lavozimda mahalliy mutaxassis Timur Kapadzeni almashtirgan edi. Italyan murabbiy qo‘l ostida o‘zbekistonliklar tarixda ilk bor 2026 yildagi jahon chempionati final bosqichiga yo‘l oldi.
Shu bilan birga, musobaqaning o‘zida terma jamoa guruh bosqichidan chiqishga muvaffaq bo‘lmadi. O‘zbekiston K guruhida Kolumbiya (1:3), Portugaliya (0:5) va DR Kongo (1:3) terma jamoalariga mag‘lub bo‘lib, uch o‘yinda ham imkoniyatni boy berdi va musobaqani guruh bosqichidayoq tark etdi.

Izohlar (0)