Ana xolos! Messi asli braziliyalik bo‘lib chiqdi
Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messining asl nasabi borasida kutilmagan ma’lumotlar ochiqlandi. Globo nashri yozishiga ko‘ra, italyalik tarixchi Fiorenzo Santini futbolchi oilasining shajarasini uch yildan ortiq vaqt o‘rganib, uning braziliyalik ildizlarini aniqlagan.
Tadqiqotga ko‘ra, Messining ona tomonidan bobolaridan biri — Federico Kuccittini — 1904 yil 27 yanvar kuni Braziliyaning San-Paulu shtatida joylashgan Ribeiran-Pretu shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi, italyalik Raniero Kocchettini va Roza Rikkecca, 1899 yili Washington nomli kema orqali Braziliyaga yetib kelgan va San-Paulu shtati qishloq hududida ferma xo‘jaliklarida ishlab yashagan.
Santining ta’kidlashicha, aynan Braziliyada oilaning familiyasidagi o‘zgarishlar yuz bergan. Hujjatlar rasmiylashtirish jarayonida Arderigo Kocchettini ismi Federikoga o‘zgartirilgan, Coccettini familiyasi esa Cuccittini ko‘rinishida qayd etilgan. Keyinchalik aynan shu familiyani Messining onasi — Seliya Mariya Kuccittini ham ko‘tarib yurgan.
Federiko tug‘ilganidan bir yil o‘tib, oila Braziliyani tark etib, Argentindagi Rosario shahriga ko‘chib o‘tgan. Shu yerda keyinchalik futbolchining bobosi Antonio Kuccittini, ordan yillar o‘tib esa Lionel Messi dunyoga kelgan.
Santini ma’lum qilishicha, u Messi oilasining kelib chiqishini o‘rganishni argentinalik futbolchi «Barselona» tarkibida yangi-yangi porlab chiqqani paytlarda boshlagan. Asosiy izlanishlar 2019–2022 yillarda amalga oshirilgan va natijada Messining ona tomonidan shajarasi to‘liq tiklangan. Tarixchining aytishicha, Italiyada deyarli uchramaydigan, noodatiy Cuccittini familiyasi aynan Messi oilasini Braziliya bilan bog‘lashga yordam bergan.
Shu bilan birga, hozirgi kunda Messining qarindoshlari Braziliyda yashamasligi qayd etilgan. Oila 1905 yilning o‘zidayoq mamlakatni tark etib, butunlay Argentinga ko‘chib o‘tgan.

Fikrlar