"Andijon"ning Antaliyadagi ishlari besh...

  • 29 yanvar, 2023, 21:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayni paytda Superligamizning aksariyat klublari Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib bormoqdalar. Bu nafaqat O‘zbekiston klublari, balki boshqa mamlakat jamoalari uchun ham chempionatga tayyorgarlik ko‘rishda har tomonlama juda qulay maskan. Mehmonxonalar, maydonlar, raqiblar, qo‘yingki, qulay sharoitlar borasida muammo yo‘q.

O‘zbek jamoalari orasida “Andijon” ham Antaliyada mashg‘ulot boshlaganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. 27 yanvar kuni “Nasaf” va “So‘g‘diyona” bilan bir samolyotda parvoz qilgan jamoa a’zolari rejaga binoan kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarni boshlagan. 5 yulduzli “Asteria Kremlin Palace” mehmonxonasi shundoqqina O‘rta Er dengizi yonida joylashgan.

antaliya6

Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovning o‘zi ham ishga va natijaga chanqoqligi har bir o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar jarayonida sezilib turibdi. O‘z o‘rnida bu futbolchilarning ishtiyoqida ham namoyon bo‘lyapti. Antaliya yig‘ini “Andijon”ning yangi mavsumga tayyorgarligi davomidagi eng hal qiluvchisi sanaladi. Ayniqsa, bunda o‘tkaziladigan nazorat o‘yinlari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Reja bo‘yicha “Andijon” bu erda 7 ta o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi. Dastlabki bellashuvi 31 yanvar kuniga belgilangan bo‘lib, Ruminiyaning “Chiksereda” jamoasi sparring-raqibga aylanadi. 3 fevralda Rossiyaning “Fakel” klubiga qarshi o‘yin ham bor. Bilsangiz kerak, “Fakel” premer-liga ishtirokchisi. Shuningdek, 12 fevralda “Veles” (Rossiya) hamda “Samtredia” (Gruziya), 15 fevral kuniga “Rodina” (Rossiya) klubiga qarshi o‘yinlar rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yana boshqa xorij klublari bilan nazorat uchrashuvlari o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Bu kabi o‘yinlarda murabbiylar uchun jamoa o‘yinini o‘zlari istagan darajada shakllantirib olish va futbolchilarning o‘zaro bir-birlarini yaxshi tushunib olishlari juda muhim.

antaliya3

Muxlislarni tarkibdagi o‘zgarishlar qiziqtirishi aniq. Antaliya yig‘ini davomida klubga yangi futbolchilar qo‘shilishi kutilayotgandi. “Andijon” matbuot xizmati xabar berganidek, uch nafar legionerlar – darvozabon Igor Litovka (Ukraina), yarim himoyachilar – Levan Arveldaze (Ukraina) va Nodari Kavtaradze (Gruziya) jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etishni boshlashgan. Qolaversa, yana yangi legionerlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ularni jamoa a’zolari juda iliq qarshi oldilar va mashg‘ulotlarda ham o‘zlarini erkin hamda qulay his qilmoqdalar. Ma’lumotlarga qaraganda, “Andijon”ga Lotin Amerikasidan, aniqrog‘i argentinalik to‘purar hujumchi kelishi kutilmoqda.

antaliya2

Bu hali hammasi emas. “Andijon”ning har bir pozitsiyasiga sifatli legionerlar taklif qilinishi rejalashtirilgan. Tojikiston terma jamoasi va “Istiqlol” klubi etakchisi bo‘lgan himoyachi Axtam Nazarov ham “Burgutlar”ning yig‘iniga qo‘shiladi. Bir necha yillar mobaynida Tojikiston milliy terma jamoasi sardori sifatida faoliyat olib borgan, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan himoyachi ertaga Dushanbedan Antaliyaga etib keladi va “Andijon”ning yig‘iniga qo‘shiladi.

Qolaversa, Toshkentning “Lokomotiv” klubida to‘p surgan iqtidorli himoyachi Dilshod Komilovga ham “Andijon”dan jiddiy qiziqish bo‘ldi va muzokaralar deyarli ijobiy yakun topdi. Bilsangiz, Komilov “Lokomotiv” bilan birga Antaliya yig‘inida qatnashayotgandi. Endi u “Andijon” istiqomat qilayotgan mehmonxonaga joylashadi.

antaliya4

Klub selektsiya ishlarini yana davom ettiryapti. “Paxtakor” va AGMKdan ham futbolchilar “Andijon”da paydo bo‘lib qolishi hech gap emas. Masalan, “Paxtakor” safida to‘p surayotgan iste’dodli yarim himoyachi Diyor Xolmatovga qiziqish bor. AGMKdan esa hujumchi Mirjahon Mirahmadovning “Andijon”ga o‘tish ehtimoli yo‘q emas. Bu borada voqealar rivojini kuzatib boramiz. E’tiborlisi, klub Antaliyada yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolash jarayonini omma oldida o‘ziga xos tarzda o‘tkazishni rejalashtirgan.  

Xullas, “Andijon” jamoasining Antaliyadagi ishlari besh! O‘quv-mashg‘ulotlar va selektsiya ishlari reja asosida davom etyapti. O‘z oldiga qo‘ygan jiddiy maqsadi sari intilayotgan klub Turkiyadan yanada kuchli jamoa sifatida qaytib kelsa bundan ajablanmang.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ботир
30/01/2023 08:19
Доимо беш булсин.