«Ayaks» Lukakuni sotib olmoqchi

  • 10.07.2026 17:21
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Ayaks» texnik direktori Jordi Kroyf «Napoli» hujumchisi Romelu Lukaku bilan shartnoma imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Soccernews.nl nashri xabariga ko‘ra, amsterdamlilar hujum chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirgan va bu borada tajribali belgililik forvardga asosiy nomzod sifatida qaramoqda.

 

Jordi Kroyf lavozimga kelganidan so‘ng «Ayaks» rahbariyati klubni qisqa fursat ichida yana chempionlik uchun kurashadigan darajaga olib chiqishni maqsad qilgan. Kroyfning o‘zi ham jamoa uchun «o‘tish davri» degan bahona bo‘lmasligini, agar klub chempionlikka da’vogarlik qilmasa, buni shaxsiy mag‘lubiyati sifatida qabul qilishini ta’kidlagan edi.

 

Yozgi transfer oynasida «Ayaks» jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urdi: jamoaga «Jirona»dan bosh murabbiy Michel taklif etildi, «Monako»dan Kayo Enrique bilan shartnoma imzolandi. Shuningdek, klub erkin agent sifatida Mark-Andre ter Shtegen va Deyli Blind bilan kelishuvga erishdi.

 

Romelu Lukakuning «Napoli» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan. Shu bilan birga, uning Italiya klubidagi kelajagi hanuz noaniqligicha qolmoqda. Eng katta to‘siq sifatida futbolchining maoshi tilga olinmoqda — Lukaku bir yilda 7 million evronadan ortiq ish haqi oladi. Bu esa ehtimoliy transfer muzokaralarini ancha murakkablashtirishi mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!