BAAdagi o‘zbek chempionining sarguzashtlari

  • 25 may, 2019, 09:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Ma’lumki, hamyurtimiz Otabek Shukurov «Sharja» jamoasi bilan BAAda mamlakat chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Mavsum esa futbolchimiz uchun oson o‘tgani yo‘q. Ayniqsa, «Sharja» etakchisining terma jamoada olgan jarohati tufayli ma’lum vaqtga safdan chiqishiga majbur bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, ayni paytda davolanayotgan hamyurtimiz hali hamon «Sharja» klubi bilan birga. Legioner sifatida o‘zga yurtda sovrin yutish doim ham yoqimli va unutilmas bo‘lib qoladi. Shukurov esa bu borada tarixdan joy oldi.

«Sharja» oxirgi bor chempion bo‘lganida men hali tug‘ilmagandim»

Otabek Shukurovning BAAda chempionlikni qo‘lga kiritgani barchamiz uchun quvonchli xabar bo‘ldi. U o‘z mehnatlari bilan «Sharja»ning etakchilaridan biriga aylana oldi va bu chempionlikdan hamyurtimizning hissasi katta. Biz esa Otabekni ajoyib g‘alaba bilan tabrikladik. Futbolchi avvalo qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat haqida gapirdi.

- Tabrik va e’tibor uchun katta rahmat. Chempion bo‘lganimdan, ayniqsa, boshqa mamlakatda o‘ynab eng yuqori cho‘qqini zabt etganimizdan juda xursandman. BAA chempionatida kuchli jamoalar ko‘p. Bu yil grand klublar ko‘p bo‘lib, chempionlik uchun kurashda da’vogarlar bisyor bo‘lgan holda ularning orasida biz chempion bo‘lganimiz ikki hissa yoqimli bo‘ldi. Biz 1-turdanoq chempion bo‘lish uchun kurashgan kirishgandik. «Al Ayn», «Al Vasl», «Al Jazira», «Al Nasr», «Al Vahda» kabi etakchilar orasida chempionlikka erishib muxlislarimizni xursand etdik. Buning ustiga «Sharja» bungacha 24 yil muqaddam chempion bo‘lgan ekan. U paytda hattoki men ham tug‘ilmaganman. Butun Sharja chempionlikni nishonladi.

«Mavsum boshida emas, oxirlarida jarohat olganim yaxshi bo‘ldi»

Afsuski, Otabek mavsum oxirlarida jarohati tufayli jamoasiga yordam bera olmadi. Bizni esa birinchi navbatda uning ahvoli qiziqtiradi va biz uchun sog‘ligi birinchi o‘rinda turadi. Shunday ekan, tiklanish jarayoni qanday davom etmoqda? Ortiqcha qiyinchiliklar yo‘qmi? Bular haqida futbolchimiz shunday dedi:

-  Futbol – bu sport. Sportda esa jarohatlarsiz bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Xudoga shukr, hozir ahvolim ancha yaxshi. Jarohat olganim bilan bu narsani o‘ylab, to‘xtab qolmaslik kerak. Aslida esa jarohat sizning yangi darajaga ko‘tarilishingiz uchun imkoniyat. Bu vaqt davomida siz davolanish bilan birga dam olib, hammasini chetdan kuzatasiz va yana sog‘aygach, yangi kuch bilan maydonga qaytasiz. Shukrki, o‘sha paytda jarohatim yanada jiddiy bo‘lib chiqmadi. Buni ham o‘ziga yarasha hikmati bor deb o‘ylayman. Oyog‘imni operatsiya qildirib keldim. Bir tomondan mavsum boshidan ko‘ra chempionat oxirlarida jarohat olganim ham yaxshi bo‘ldi. Gipsni echib, asta-sekin yurishni boshladim. Shu kunlarda mashg‘ulotni ham boshlayman degan umiddaman. Operatsiya qildirib kelganimdan beri «Sharja» klubidaman. Bu erda shifokorlar, massajchilar va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassislar har kuni ikki mahaldan men bilan ish olib borishyapti.

shukurov2

«Londondagi shifoxonada Terri bilan Koul ham operatsiya qildirgan»    

Ma’lumki, Shukurov Londonda operatsiya stoliga yotib, jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Odatda biror-bir futbolchimiz xorijda operatsiya qildirsa Londonda emas, boshqa shaharga borganini eshitamiz. Lekin hamyurtimiz nima uchun Londonda operatsiya qildirdi? Bunga aniq javobni o‘zidan eshitamiz.

- Londonda operatsiya qildirganimning sababi shuki, buni «Sharja» klubi istadi. Men borgan joy katta davolash markazi bo‘lib, u erda kuchli mutaxassislar ishlashar ekan. Qolaversa, oyog‘imdagi o‘sha jarohatni davolashga ixtisoslashgan ekan. Ochig‘i, u erga borib davolanishning o‘zi qiyin ish ekan. O‘sha erda Jon Terri, Eshli Koul kabi taniqli futbolchilar ham men kabi operatsiya qildirishgan ekan. Qolaversa, o‘zim ham yaxshiroq joyda, ishonchli operatsiya qildirishni xohlagandim. Xudoga shukrki, hammasi yaxshi o‘tdi va hozirda London bilan ham aloqada bo‘lib turibmiz.

«Sharja»ga pul uchun bormaganman»

U "Sharja" klubining muhim futbolchilaridan biri va bunga o‘z mehnati bilan erishdi. Lekin legioner o‘yinchining boshqa mamlakat chempionatida bunchalik hurmat-e’tibor qozonib, o‘z o‘yini bilan ishonchni qozonishi qiyin. Ammo Otabek hammasini mukammal darajada bajarmoqda desak xato qilmaymiz. Shukurov bunday darajaga erishishida o‘zi uchun jamoadagilarning qo‘llab-quvvatlashini his etgani ham rost.

- To‘g‘risini aytsam, legioner sifatida BAA chempionatida o‘ynash juda og‘ir. Boisi, u erda legionerlarga talab nihoyatda baland. BAA klublari istalgan paytda xorijlik futbolchilarni almashtirish huquqlarini ko‘rib chiqa oladilar. Har bir jamoada yaxshi legionerlar to‘p surishadi va to‘rt nafardan xorijliklar o‘ynashadi. Hamma klub esa o‘sha legionerlarga ishonishadi. Men ham buni juda yaxshi his qilaman. Ko‘pchilik meni BAA chempionatiga pulni o‘ylab ketgan deb o‘ylashadi. Lekin men bunday fikrlamagan bo‘lardim. Mening o‘sha vaziyatdagi holatim aynan shuni taqozo qilgandi. «Sharja»ga kelgan birinchi kunimdanoq yana oldinga qadam tashlab, futbolchi sifatida o‘sish uchun mehnat qilishni boshlaganman. Shuningdek, Sharjada meni hamma yaxshi ko‘radi. Buning uchun ulardan minnatdorman.

«Sharja»ning chempionligini

«Lester»ning Angliya chempionligiga o‘xshatish mumkin»

Ma’lumki, hamyurtimiz jarohati tufayli "Sharja"ning oxirgi o‘yinlarida jamoasiga yordam bera olmadi va ayniqsa, chempionlikni hal qilgan muhim bahslarda ishtirok eta olmadi. Bunday vaziyatda uning o‘ziga ham alam qilgan bo‘lishi tabiiy. Shunga qaramay, Shukurov o‘z jamoasi bilan chempionlikni nishonladi.

- Jarohat olgan paytimda jamoaga yordam bera olmasligimni o‘yladim va bu menga alam qildi. Chunki bungacha chempionlik uchun katta hajmdagi ishni bajarib kelayotgandik. Doim terma jamoaga ketayotgan paytimda «Sharja» klubi bosh murabbiyi Abdulaziz Anbari menga nima bo‘lsa ham jarohatsiz qaytgin deb aytardi. Shuning uchun boshida jarohat olganimdan juda xafa bo‘ldim va menga rosa alam qildi. Lekin taqdirimga yozilgan narsalarni hech qachon rad qilmayman. Chunki hammasi Xudodan. Muhimi, biz chempionlikka erishdik. Chempionlik yo‘lida katta ish bajarildi. Chunki hozirgacha «Sharja» BAAning grand jamoasi emasdi. Xuddi Angliyada «Lester» chempion bo‘lgan holatiga o‘xshaydi. Operatsiyadan keyin ham jamoa bilan birga bo‘lishni xohladim va buni rahbarlar hamda murabbiylarimiz ham istashdi. Maydonda bo‘lmasa ham, maydon tashqarisida jamoa bilan birga bo‘lib, qo‘llab-quvvatlashimni xohlashdi. Chempion bo‘lganimizdan baxtliman. Lekin futbolni maydon tashqarisidan kuzatgandan ko‘ra o‘ynash osonroq.

shukurov yangisi

«Sharjada har kunimni futbol bilan o‘tkazaman»

Biz Osiyo Kubogi musobaqasi uchun BAAga borganimizda Sharjada Otabek Shukurovni qanchalik yaxshi ko‘rishlariga guvoh bo‘lgandik. U erda futbolchimizning bir kuni qanday o‘tyapti?

- Ko‘z tegmasin, Sharjada har bir kunim ancha yaxshi o‘tadi. To‘g‘risi, bu erda ko‘p ham boshqa ishlar bilan chalg‘imayman. Asosan futbol haqida o‘ylayman. Albatta, oilam bilan birga yashayman. Vaqti-vaqti bilan Sharjaga ota-onam va aka-ukalarim ham kelib turishadi. Kunimni faqat futbol bilan o‘tkazaman desam ham bo‘ladi.

«Pul, mansab, chempionlik o‘z yo‘liga»

Otabek Shukurovning faoliyatiga e’tibor qaratsak, hammasi "Mash’al"dan boshlandi. Shundan so‘ng "Buxoro" va "Bunyodkor"da o‘ynadi. Aslida u bosqichma-bosqich ko‘tarilishga erishib kelmoqda. "Sharja"ga o‘tishi esa faoliyatida yangi sahifa ochilganini bildirardi. Xo‘sh, endilikda faoliyatida yana yangi sahifa ochib, oldinga qadam tashlash niyati bormi?

- To‘g‘ri, faoliyatimni «Mash’al»da boshladim. Shu o‘rinda «Mash’al» rahbariyatiga va akademiyasiga katta minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Keyinchalik «Buxoro» va «Bunyodkor» klublarida faoliyat olib bordim. Ushbu jamoalarning muxlislari hamda rahbarlariga ham rahmat aytmoqchiman. Lekin to‘g‘ri aytdingiz, hammasiga bosqichma-bosqich erishib kelyapman. Ammo rostini aytsam, «Sharja»ga kelgan kunimdan yana oldinga qadam tashlash haqida o‘ylayman. Doim Sharjada qolib ketish haqida o‘ylamayman. Ha, bu erda oilam yaxshi yashaydi va barcha sharoitlar bor. Garchi chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsak-da, bu bilan cheklanib qolmoqchi emasman. Mehnat qilaversak, Xudoim yo‘lni ochib beradi. O‘zimni ham kuchli chempionatlarda o‘ynash niyatim bor. Hayotda hamma sohada ham harakat qilish kerak, to‘xtab qolmaslik lozim. Pul, mansab, chempionlik yoki boshqa narsalar o‘z yo‘liga. Eng muhimi, inson harakatdan to‘xtamasligi darkor. Boya aytganimdek, «Sharja»ga kelgan kunimdan keyingi qadamni tashlash yo‘lida mehnat qilib yuribman.

«Legionerlar bilan oilaviy bordi-keldilarimiz bor»

Shu o‘rinda, Otabekdan "Sharja" klubidagi eng yaqin insoni kim ekanligi bilan ham qiziqib ko‘rdik.

- Alohida bir-ikkita o‘yinchini ta’kidlab o‘tmoqchi emasman. Bu erda barchamiz bir oiladekmiz. Chempionlikka erishishimizda ichki muhitimizni juda yaxshiligi ham qo‘l keldi. Murabbiyimiz ham doim bir oila bo‘lishimizni aytib keladi. Igor Toronado, Vellington Saures kabi o‘yinchilar bilan ham yaxshi munosabatdaman. Ular bilan oilaviy bordi-keldilarimiz bor, - dedi futbolchi.

Shukurov6

«Maqsadim Evropa chempionatida to‘p surish»

Hozircha Evropa maydonlarida to‘p surayotgan o‘yinchilarimiz deyarli yo‘q hisobi. Ammo Otabek Shukurovning salohiyati bemalol kuchli chempionatlarda to‘p surishga etadi deb o‘ylaymiz. Bu borada unga Evropa tomonlardan ham takliflar bo‘lganmi? Bu borada Shukurov quyidagicha javob qaytardi.

- Evropada o‘ynashni juda ham xohlayman. Futbolda rivojlanishim, o‘sishim va yangi bosqichga chiqishim hamma narsadan ustun turadi. Nasib qilsa, Xudo meni ham shu kunlarga etkazsin. Men shuning uchun mehnat qilib kelyapman. Meni arablarga pul uchun o‘tib ketdi deganlar ham bo‘ldi. Lekin bu to‘g‘ri fikr emas. O‘zbekiston chempionatida o‘ynasangiz, u erdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sizni Evropa klublariga olishmaydi. Faqat faoliyatingizda bosqichma-bosqich o‘sishga erishsangizgina bu narsa amalga oshishi mumkin. Hali O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatiga chiqa olmadi. Yoki bo‘lmasa biror-bir o‘zbek futbolchisi Evropaning kuchli chempionatlarida o‘z nomini qoldira olmadi. Afsuski, Evropada o‘zbek o‘yinchilariga talab nihoyatda kam. Shu bois muxlislar ham to‘g‘ri tushunishlarini istardim. Lekin mening Evropa chempionatlarida o‘ynab ketishimga kuchim etadi. Ko‘pchilik Evropada koreys va yapon futbolchilari o‘ynashayotganini misol qilishadi. Ularning terma jamoalari doimiy ravishda jahon chempionatlarida ishtirok etishadi. Futbolchilari o‘z nomlarini tanitishgan va ushbu mamlakatlarda futbol infratuzilmasi ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Biz ham shunga qarab harakat qilishimiz kerak. Chunki bizdan keyingi kelajakdagi futbolchilarimiz uchun oson bo‘lishi lozim. Ochig‘i, o‘zbek futboli qiyin davrda. Ammo shunga qaramay, harakat va mehnat qilishda davom etish lozim. Biz faqat Evropada o‘ynash uchun harakat qilyapmiz. To‘g‘risi, shu yilning yozida ham menda Evropa klublaridan biriga o‘tish uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin edi. Lekin kutilmagan jarohatga uchradim. Endi ertaga nima bo‘lishini bilmayman. Hozir esa tezroq maydonga qaytib, sport formamni tiklab olish haqida o‘ylayapman. Lekin hali Evropada o‘ynash imkoniyatim bo‘ladi. Futbol muxlislarimiz ham barchasini real fikrlashlarini xohlardim. O‘zbekiston chempionatida o‘ynab turib sizga Evropa klubidan taklif tushishi juda qiyin. Terma jamoa bilan jahon chempionatida o‘ynasangiz bu har bir o‘yinchi uchun ajoyib reklama bo‘ladi. To‘g‘risi, bu erda qolib ketishni o‘zim xohlamayman. Osiyoda qolib ketmoqchi emasman. Shu kungacha hammasiga Xudoga tavakkal qilib erishib kelyapman. Bu yog‘iga ham tavakkal qilishdan to‘xtamayman.

«Ijtimoiy tarmoqlarga mehrim baland emas»

Hozirgi paytda aksariyat futbolchilar internetdan faol foydalanishadi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p ko‘ramiz. Bu borada Otabek Shukurovning tutgan o‘rni qanday? U ham ijtimoiy tarmoqlarda faolmi? Quyida bildirgan fikrlari orqali javob olasiz.

- Rosti, ijtimoiy tarmoqlarga mehrim unchalik baland emas. Qolaversa, bu narsalar bilan shug‘ullanishga ham ulgurmayman. Futbol saytlarini o‘qib turishga harakat qilaman, ammo doim ham vaqtim bo‘lmaydi. Lekin jurnalistlarning muxlislar uchun to‘g‘ri ma’lumotlarni etkazib turishlarini xohlardim. Shundagina ishqibozlar ham futboldagi hamma narsani ochiq-oydin biladilar. Ammo hozirgi kunda turli mish-mishlarni ham yozib chiqarishyapti. Natijada muxlislar bunga ishonib qolishyapti. Doim haqqoniy gaplarni yozishini istayman. Shu o‘rinda jurnalistlarga ham omad tilayman.

«Shartnomamda chempionlik uchun bonuslar belgilangan»

Odatda har bir muvaffaqiyat va sovrin uchun jamoa a’zolari munosib ravishda rag‘batlantiriladi. Ayniqsa, legioner futbolchilar bu borada yanada yaxshiroq imkoniyatlarga ega bo‘lishadi. Shukurov esa "Sharja" bilan BAA chempionligini qo‘lga kiritdi. Shu munosabat bilan klub rahbariyati futbolchilarga qanday bonuslarni va’da qilishgani ham biz uchun qiziq.

- Gapning ochig‘i, hali bu narsa haqida aniq bir nima bilmayman. Ammo shartnomamda chempionlik, 2-o‘rin yoki 3-o‘rinni egallasak, turli xil bonuslar belgilangan. Oxirgi o‘yindagi g‘alabadan keyin bizga uch kunlik dam berilgandi va yana jamoamiz mashg‘ulotlarga kirishgan. 26 may kuni oxirgi uchrashuvni o‘tkazamiz. Lekin hali chempionlik uchun qanday rag‘batlantirish haqida hech gap yo‘q.

shukurov

«Kuper chempionlik bilan tabriklab xabar yubordi»

Iyun oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchta xalqaro darajadagi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi. Biroq BAA chempioni bu o‘yinlarni o‘tkazib yuborishga majbur. Shu o‘rinda Ektor Kuper ham unga e’tibor qaratib kelayotgan bo‘lsa ham ajab emas.

- Terma jamoamizning o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazilishidan yaxshi xabarim bor. Bu futbolchilarimiz uchun yaxshi imkoniyat. Lekin afsuski, o‘zim mana shunday uchrashuvlarda o‘ynay olmasligimdan xafaman. Lekin barcha narsaning o‘z hikmati bordir. Ammo ushbu o‘rtoqlik uchrashuvlari biz uchun juda kerakli. Chempion bo‘lganimizdan keyin Ektor Kuper ijtimoiy tarmoq orqali meni chempionlik bilan tabriklab xabar yuboribdi. Bundan xursand bo‘ldim. Jarohat olganimdan keyin ham murabbiy meni qo‘llab-quvvatlab turibdi.

«Al Vahda»ga qarshi bellashuv eng yaxshi his tuyg‘ularga ega o‘yin bo‘ldi»

O‘z navbatida Shukurov "Sharja"dagi faoliyati davomida unutilmas o‘yinlar sifatida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

- Aslida hamma o‘yinni unutish qiyin bo‘ladi. Shunga qaramay, etakchilarga qarshi bellashuvlarimiz ko‘proq yodda qolarli bo‘ldi. 2-o‘rindagi «Al Ahli» bilan uyda va safarda qo‘lga kiritgan g‘alabalarimizni ta’kidlay olaman. Qolaversa, mehmonda «Al Ayn» va «Al Vahda» bilan o‘yinlardagi g‘alabalar ham bizga katta ruhiy kuch bergan. Ayniqsa, o‘zim o‘ynamagan bo‘lsam ham kuni kecha «Al Vahda»ni yutgan o‘yinimiz men uchun eng yaxshi his-tuyg‘ularga ega bo‘lgan uchrashuv bo‘lib qoldi. Chunki o‘sha o‘yinda biz mamlakat chempioni bo‘ldik.  

«Sharja»dagilar mendan Masharipov haqida qiziqishgandi»

Shukurovdan klubidagilar yana boshqa o‘zbekistonlik futbolchilar haqida so‘rab turisharmikin? Agar o‘ziga qolsa qaysi futbolchini "Sharja"da ko‘rishni istagan bo‘lardi? O‘ylaymizki, uning javobi yanada qiziq.

- Futbolchilar ham, murabbiylar ham o‘zbek o‘yinchilari haqida so‘rab turishadi. O‘tgan yili yozda bosh murabbiyimiz mendan Jaloliddin Masharipov haqida ma’lumotlar so‘raganida qo‘limdan kelganicha yordam berganman. Lekin nimagadir bu transfer amalga oshmadi. Buning sababini esa bilmayman. Albatta, o‘zim ham bir klubda hamyurtlarim bilan birga o‘ynashni juda xohlagan bo‘lardim.

«Futbol hayotimning asosiy qismiga aylangan»

Faraz qilaylik, agar Otabek Shukurov futbolchi bo‘lmaganida o‘zini qaysi sohada tasavvur qila olardi?

- Futbolchi bo‘lmaganimda qanday sohada ishlashimni tasavvur ham qila olmayman. Futbol hayotimning asosiy qismiga aylangan. Esimni taniganimdan beri futbol bilan shug‘ullanib kelaman. Buning ustiga futbolni tanlaganimdan beri boshqa narsalarga qiziqishim ham yo‘qolgan. Dam olish kunlarimda ham mashg‘ulot qilishni va oilamga vaqt ajratishni yaxshi ko‘raman, - deya munosabat bildirdi.

«Sharjadagi uyimda o‘zbek telekanallari bor»

Shuningdek, hamyurtimiz O‘zbekiston chempionati va undagi o‘zgarishlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Imkon qadar kuzatib borishga harakat qilyapman. Sharjadagi uyimda o‘zbek telekanallari ham bor. «Sport» telekanali Superliga o‘yinlarini jonli efirda olib berishga harakat qilyapti. «Dinamo» - «Buxoro» uchrashuvini olib berayotgan ekan va bir taym ko‘rdim. O‘zimizda futbolni rivojlantirish yo‘lida qilinayotgan ishlardan xabarim bor. Albatta, bularning samarasi bo‘ladi deb o‘ylayman. Jahon chempionati yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz va ishonamanki, albatta O‘zbekiston mundialga chiqa oladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mardon Shukurov
25/05/2019 09:44
Otabek Shukurov albatda Yevropada o'ynashing kerak.Bu yo'lda omad! Sen hozir eng yaxshi futbolchilarimizdan birisan.Eng kamida Eldor Shomurodov kabi RPL da o'ynashing shart.
&
darwesh
25/05/2019 10:38
Осиёдан Еврлпада утиши кийин булади