
Babayan uddalay oladimi yoki...
Superliganing markaziy uchrashuvi sifatida e’tirof etilayotgan “Bunyodkor” – “Navbahor" o‘rtasidagi uchrashuv muxlislarning e’tiborini tortyapti.
“Bunyodkor” chempionatni ancha ishonchli boshlagani yodingizdami? Ketma-ket g‘alabalar qozonib, niyati jiddiy ekanligini ko‘rsata boshlagandi. Lekin oxirgi paytlarda “Bunyodkor” ham birin-ketin ochkolar yo‘qotyapti. “Qaldirg‘ochlar” so‘nggi bor 7 aprel kuni chempionatning 5-turida safarda “Buxoro”ni 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib qaytgan. Shundan beri “Bunyodkor”da pasayish kuzatilmoqda. Oxirgi 4 ta turda 2 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etishdi. Natijada “Bunyodkor” 6-o‘ringa pastladi. Ularning hisobida 15 ochko bor. Oldinda endi “Navbahor”ga qarshi og‘ir uchrashuv kutyapti.
“Navbahor”da esa ishlar deyarli joyida. Jamoa 19 ochko bilan 3-o‘rinda. “Neftchi”ning bu turda “Olimpik” bilan durang o‘ynaganini inobatga oladigan bo‘lsak, Samvel Babayan jamoasi ushbu turda uch ochkoni qo‘lga kiritsa, musobaqa jadvalida peshqadamga aylanib oladi. Boisi, hisobida 21 ochkosi bo‘lgan “Paxtakor”ning “Nasaf”ga qarshi uchrashuvi qoldirilgan. Shuning uchun “Navbahor”da 1-pog‘onaga ko‘tarilib olish imkoniyati mavjud.
O‘yin mehmonlar uchun ham engil o‘tmasligi ma’lum. Yuqorida aytganimizdek, “Bunyodkor” 4 ta turdan beri yutolmayapti. Balki “Qaldirg‘ochlar”ning g‘alabasiz seriyasi bu turda ham davom etar yoki bunga barham berar, buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo bu to‘qnashuv o‘ziga yarasha printsipial ahamiyatga ega. Aytaylik, “Bunyodkor” safida “Navbahor”dan ko‘chib o‘tgan iqtidorli yarim himoyachi Doniyor Abdumannopov to‘p suryapti. Sobiq jamoasiga qarshi o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishi katta ehtimol. Busiz ham Doniyor “Bunyodkor”da eng yaxshilaridan bo‘lib turibdi. Yosh, shijoatli jamoa tajribali o‘yinchilardan tashkil topgan jamoaga qarshi saf tortadi.
Faqat “Navbahor” uchun “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinlar statistikasi yoqimsiz. Ayniqsa, “Bunyodkor”ning mezbon sifatida o‘tadigan uchrashuvlari namanganliklarga omadsiz bo‘lib qolgan. O‘zaro uchrashuvlarga kelsak, raqamlardagi ustunlik “Qaldirg‘ochlar” tarafida. Chempionat doirasida bo‘lib o‘tgan 34 ta bellashuvda “Bunyodkor” 21 marta g‘olib chiqqan. “Navbahor”ning 7 marta qo‘li baland kelgan. 6 ta bahsda durang kuzatilgan. O‘tgan yili Namangan va Toshkentdagi uchrashuvlarda jamoalar bir xil – 2:1 hisoblarida g‘alaba qozonishgan.
Yuqorida to‘xtalganimizdek, “Navbahor” uchun yoqimsiz jihati shuki, ular hali “Bunyodkor” mezbonligida o‘tgan o‘yinlarda umuman g‘alaba qozona olmagan. Toshkentda 3 ta durang qayd etishgan, qolgan barcha bahslarda imkoniyat boy berilgan. Babayan “Navbahor”ning mana shu g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘yishi kerak, muxlislarining nazdida. U buni uddalay oladimi yoki yo‘qmi, albatta uchrashuv tugashi bilan bilib olamiz. Shuningdek, “Bunyodkor” o‘zaro o‘yinlar tarixida namanganliklarni 6:0 va 5:0 hisoblarida ham yutgan paytlari bo‘lgan. “Bunyodkor” 64 ta gol urgan, “Navbahor” esa 28 ta. Darvoqe, bu jamoalarning o‘zaro uchrashuvlaridagi so‘nggi uchta bahsida faqat 2:1 natijasi qayd etilmoqda.
“Bunyodkor” – “Navbahor” qarama-qarshiligi anchayin qiziqarli va keskin tarzda o‘tishi kutilyapti. Balki jamoalar ochiq futbol ham namoyish etar. Har holda “Bunyodkor”da shunga moyillik bor. Albatta, murabbiylarning qo‘llaydigan taktikasiga ham ko‘p narsa bog‘liq.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar