"Barsа" politsiya harakatlarini qoriladi
Klub bayonot berdi
«Barselona» klubi La Liganing 2-turidan o‘rin olgan «Elche»ga qarshi o‘yin (5:0) oldidan politsiya harakatlarini keskin qoralab chiqdi.
Match boshlanishidan avval «Manuél Martínez Valero» stadioni atrofida politsiya xodimlari «Barselona» muxlislarini to‘xtatib, ulardan Kataloniya mustaqilligi harakati bilan bog‘liq bayroqlarni olib qo‘ygan. Qolaversa, ushlash jarayonida muxlislardan biri kaltaklangani xabar qilindi. Klub bu choralarni ortiqcha va asossiz deb baholadi.
«Barselona» klubi kecha «Elche»ga qarshi chempionat uchrashuvi oldidan «Martínez Valero» stadioni yaqinida yuz bergan voqealar chog‘ida klub a’zolari va muxlislariga nisbatan kuch ishlatilishi mutlaqo nomutanosib bo‘lganini qat’iy qoralaydi», — deyiladi bayonotda.
Klub ayniqsa bir muxlisni ushlash paytida qo‘llanilgan choralar haddan tashqari keskin bo‘lgan, kuch ishlatish esa na huquqiy, na axloqiy jihatdan oqlanmasligini ta’kidlamoqda. «Barselona» ushbu muxlis va uning oilasiga zarur bo‘lgan har qanday yordamni ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.
Klub shuningdek politsiya xodimlari yana bir bor «Estelada» bayroqlarini musodara qilganidan afsusda ekanini bildirdi. «Estelada» — rasman ruhsat etilgan ramz bo‘lib, uni ko‘tarish so‘z erkinligining qonuniy ko‘rinishi hisoblanadi. Shu bois u o‘z-o‘zidan nafrat yoki zo‘ravonlikka da’vat sifatida talqin qilinishi mumkin emas.
«Barselona» mazkur voqealar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilishini kutayotgani ma’lum qildi. Klub o‘z a’zolari va muxlislarining qadr-qimmati, huquqlari va fikr bildirish erkinligini himoya qilish maqsadida — ham «Spotify Kamp Nou» stadionida, ham raqib jamoalar maydonlarida — o‘zi zarur deb hisoblagan barcha choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qolishini qayd etdi», — deyiladi klubning rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda.

Izohlar (0)