
“Barsa” ikki futbolchidan qutila olmayapti
“Barselona” keyingi paytda ayrim o‘yinchilarini klubni tark etib, boshqa jamoaga o‘tishga ko‘ndira olmayapti.
Klub yangi ijrochilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun avgust oyi oxirigacha tarkibdagi bir necha futbolchidan qutilishi talab etilmoqda. Birinchi navbatda, avvalgi prezidenti Bartomeu davrida olib kelinganlar ketishi kerak.
Bir necha yildan beri jamoa asosiy tarkibiga kira olmayotgan Kleman Langlega arab klublaridan yaxshi takliflar tushyapti. Biroq frantsiyalik himoyachi Evropani tark etmoqchi emas. Orada “Atletiko” va “Vilyarreal” tajribali o‘yinchiga qiziqish bildirdi. Ammo Langle yiliga 16 million evro maosh oladi, bu summa xaridorlarga og‘irlik qildi.
Jamoaga yanvarda qo‘shilgan Vitor Rokening vaziyati sal boshqacharoq. Braziliyalik iqtidor egasini klub mutasaddilari ijaraga yubormoqchi bo‘lyapti. Rokening o‘zi uni jamoada olib qolish yoki to‘liq transfer qilish talabini qo‘ymoqda va ijaraga ketishdan bosh tortyapti.
Fikrlar