“Barsa” sobiq o‘yinchisini Evropaga qaytaradi
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida Evropaning bir qator grand klublarida o‘ynagan portugaliyalik futbolchi Joau Kanseluni yana Kataloniyaga qaytarmoqchi.
Klub sport direktori Deku o‘ng qanot himoyasini aynan 31 yoshli o‘yinchi yordamida kuchaytirmoqchi. Kanselu jamoaga keladigan bo‘lsa, uning moslashishi uchun vaqt talab etilmaydi.
2024 yilning yozidan beri “Al-Hilol”da o‘ynayotgan Kanselu Saudiya Arabistonini tark etishni istayapti. Uning bu qarori kataloniyaliklarga transferni amalga oshirishda qo‘l kelishi mumkin.
Kanselu aslida “Benfika” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Faoliyati davomida “Valensiya”, “Inter”, “Yuventus”, “Bavariya”, “Barselona” va “Manchester Siti” kabi kuchli klublarda o‘ynab, katta tajriba to‘plagan.
Fikrlar