“Barsa”da katta yo‘qotish
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” yangi mavsum oldidan katta yo‘qotishga duch keldi. Yarim himoyachisi Frenki de Yong Niderlandiya terma jamoasi yig‘inida tizza jarohatini oldi va to‘rt oygacha maydondan chetda qolishi mumkin.
Futbolchi jarohat bilan Kataloniya klubiga qaytib kelgan.
Hozircha yakuniy tashxis qo‘yilmagan va yaqin kunlarda de Yong qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlardan o‘tadi. “Barselona” rahbariyati futbolchining holatidan jiddiy xavotirda.
O‘tgan mavsumda yarim himoyachi son mushaklari jarohati sababli qariyb ikki oy maydonga tushmagan edi. Bu davr fevral oyi oxiridan aprel boshlarigacha bo‘lgan hal qiluvchi bosqichga to‘g‘ri kelgan.
Bundan tashqari, u avval ikki marta to‘piq jarohatini olgan va umumiy hisobda olti oy hamda 31 ta o‘yinni o‘tkazib yuborgan.
Agar prognozlar tasdiqlansa va tiklanish to‘rt oy davom etsa, de Yong faqat noyabr oyida maydonga qaytishi mumkin va mavsum boshlanishining katta qismini o‘tkazib yuboradi.
Niderlandiya terma jamoasi 2026 yildagi jahon chempionatining 1/16 finalida Marokashga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lib (1:1, penaltilarda 2:3), musobaqani tark etgan edi.

Fikrlar