“Barsa”da o‘ynamasam, futboldan ketaman!
“Barselona” hujumchisi Robert Levandovskining klub bilan shartnomasi joriy mavsum oxirida yakuniga etadi. Tomonlar o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir mavsumga uzaytirish huquqiga ega.
Biroq bir necha manbalar anchadan beri Kataloniya superklubi rahbariyatini katta maosh olayotgan 37 yoshli futbolchi bilan kelishuvni uzaytirmaslikka qaror qilgani haqida yozib keladi.
Polshalik forvardga hozirning o‘zida Evropa, AQSh va Saudiya Arabistoni klublaridan yaxshi takliflar kelib tushmoqda. Uning agenti Pini Zaxavi yaqinda “Milan” bilan muzokara olib borgani haqida ham ma’lumotlar tarqatilgandi.
Sport.es nashrining ta’kidlashicha, Levandovski va uning oilasidagi Barselona shahridagi hayot juda ma’qul kelgan. Ular muhitni o‘zgartirmoqchi emas. Shu bois Robertni boshqa ligalardan bo‘layotgan chorlovlar qiziqtirmayapti.
Levandovski yana bir yil “Barselona”da o‘ynashni istayapti. Rejasini amalga oshirish uchun zaxira o‘yinchisi maqomini olishga ham, maoshining katta qismidan voz kechishga ham tayyor.
Agar tajribali o‘yinchi klub rahbariyatini hamkorlikni uzaytirishga ko‘ndira olmasa, professional faoliyatini yakunlashi mumkinligi aytilyapti.



Fikrlar