
"Barselona" – "Real Madrid": Saudiyada Ispaniya Superkubogi uchun jang
Bugun tunggi soat 00:00 da muxlisu mutaxassislarni jiddiy uchrashuv kutib turibdi. Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Ispaniya Superkubogi yarim final doirasida el-klasiko ishtirokchilari bir-biriga qarshi maydonga tushadi. G‘olib bitta bo‘ladi va u final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi, narigi yarim final o‘yinida esa "Atletiko" Bilbaoning "Atletik"i bilan kuch sinashadi.
Shubhasiz, nom jihatidan "Barselona" - "Real Madrid" "og‘ir tosh bosadi". Ayni paytda inqirozli davrni boshdan o‘tkazayotgan katalon klubi tobora kuchayib borayotgan "Real Madrid"ga qarshi saf tortadi. Bizningcha, o‘zgarib borayotgan "Barselona" va yuksalayotgan "qirollik klubi" o‘rtasidagi bahsni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
"Barselona"
Xavi kelgach, jiddiy yangilanishlarga qo‘l urayotgan "ko‘k-anorranglilar" hamon barqaror holatga tushgani yo‘q. Sobiq futbolchi boshchiligida 12 o‘yin o‘tkazgan "Barsa" ularning 7 tasida ochko yo‘qotgan - 5 durang va 2 mag‘lubiyat. Shuningdek, bu bahslarda jamoa 14 ta gol urgan. Bu har o‘yinga deyarli 1tadan gol degani. "Barselona"dek klub uchun bu yaxshi natija emas.
Shunga qaramay, ko‘plab mutaxassislar fikriga ko‘ra, "blaugranas"ning kelajagi ishonchli qo‘llarda. Birinchidan, bosh murabbiy klub tizimini yaxshi biladi va nima maqsadda "jang qilayotganini" anglab turibdi. Ikkinchidan, tarkibda yosh futbolchilar ko‘p, ya’ni ular hozir tajriba to‘plab olib, kelgusida ancha kuchli o‘yinchilarga aylanishi mumkin. Uchinchidan, rahbariyat muxlislarga yirik transferlarni va’da qilmoqda.
Xoland, Vlaxovich va shu singari bir nechta qimmatbaho futbolchilarga xaridor bo‘layotganidan bilsa bo‘ladiki, “tepadagilar“ ham jamoa istiqboli porloq ekanini tushunib etgan. Bu yo‘lda ular ham qo‘ldan kelgancha yordam berishga harakat qilmoqda. Shularni inobatga olgan holda, Bartomeudan farqli o‘laroq, Laporta kataloniyaliklar uchun ancha foydali rahbardek taassurot uyg‘otyapti bizda. Balki yakunda rostan shunday bo‘lib chiqar?!
“Real Madrid“
“Qirollik klubi“ oxirgi yilda yana avvalgi darajasiga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir yana xuddi oldingidek Evropada “Real“ desa raqiblar titrayotganini ko‘ryapmiz. Jamoa yildan-yilga kuchaysa kuchaymoqdaki, aslo kuchdan qolayotgani yo‘q. Yangidan-yangi yulduzlar kashf etilmoqda. Jamoaning o‘ziga bo‘lgani ishonchi ortayotgani ham bor gap. Shuningdek, yaqin orada klub katta transferlarga qo‘l urishi kutilyapti.
“Qaymoqranglilar“ qayd etayotgan natijalarga qaraydigan bo‘lsak, ichki chempionatda ular peshqadamlik qilmoqda. EChLda pley-off masalasini hal qilib bo‘lgan, 1/8 finalda madridliklarni PSJga qarshi jiddiy o‘yin kutib turibdi. Biroq bu qizg‘in uchrashuvga hali 1 oydan ko‘proq vaqt bor. Shu bilan bir qatorda, kubok bahslarida ham yurishini davom ettirayotgan “blankos“ bu mavsum o‘z maydonida hali mag‘lub bo‘lmaganiga nima deysiz? Ajoyib natija, shunday emasmi?
Ko‘plab ijobiy ko‘rsatkichlarga qaramay, Anchelotti boshqarayotgan jamoada kamchiliklar ham yo‘q emas. Masalan, markaziy himoyada variantlarning kamligi, zaxirada o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan nomdor yulduzlar, yarimhimoyada KMK (Kazemiro - Modrich - Kroos) triosiga munosib o‘rinbosarlar chiqmayotgani kabi detallar “Real Madrid“ uchun har qanaqasiga minus, albatta.
Uchrashuvlar tarixi
O‘yinlar soni : 247 ta
“Barselona“ : 96 g‘alaba
“Real Madrid“ : 99 g‘alaba
Durang : 52 ta
Taxminiy tarkiblar
“Barselona“ : Ter Shtegen; Alves, Pike, Langle, Alba; Niko, Buskets, Gavi; Dembele, De Yong, Depay.
“Real Madrid“ : Kurtua; Karvaxal, Militao, Alaba, Mendi; Modrich, Kazemiro, Kroos; Asensio, Benzema, Vinisius.
“Barselona“ga oid yangiliklar
“Barsa“ tarkibida yo‘qotishlar ko‘p. Jumladan, Erik Garciya, Serxi Roberto va Martin Breytueyt bugungi bahsda maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Ronald Arauxo, Ansu Fati va Frenki De Yongning ham ushbu uchrashuvda ishtirok etishi so‘roq ostida.
“Real Madrid“ga oid yangiliklar
Madrid klubida jiddiy yo‘qotishlar yo‘q. Faqatgina Garet Beylning maydonda harakatlana olmasliki aniq. Shu bilan birga, Mariano Dias ham el-klasikoda qatnashishi noma’lum bo‘lib turibdi.
Murabbiylar fikri
Xavi:“Ehtimol, “Real Madrid“ – Ispaniyadagi eng kuchli jamoadir va biz bu o‘yin qiyin bo‘lishini bilamiz. Lekin bugun ularni xafa qilishimizga to‘g‘ri keladi va tabiiyki, finalga chiqish uchun kurashamiz.
El-klasiko natijasini oldindan aytib bo‘lmaydi. Biz qo‘limizdagi bor qurollarimizni ishlatishimiz kerak. Ularga xavf tug‘dira oladigan futbolchilar bizda etarli, deb o‘ylayman.
Biz Ferranning ro‘yxatdan o‘tishini kutmoqdamiz . Bu tez orada amalga oshadi. Pedri hamda Ferranning bu erda ekanligi ajoyib xushxabar.
Covid-19 va jarohatlar? Madridni to‘xtatish uchun jamoaviy harakatlarda yaxshi ishlashimiz lozim. Shuningdek, himoyaga jiddiy e’tibor berishimiz kerak. Chunki Vinicius va Benzema – juda xavfli. Biz ularni nazorat qilishga harakat qilamiz va bu biz uchun juda yaxshi sinov bo‘ladi“.
Karlo Anchelotti:"Raqib tarkibida tajribali futbolchilar yaxshi formada. Buskets, Pike va Alba “Barsa“ uchun o‘ta muhim figuralardir.
“Real“ so‘nggi natijalaridan kelib chiqib favorit bo‘lishi mumkin, ammo bahs 0:0 hisobi bilan boshlanadi. Shunday ekan, ikki jamoada ham imkoniyat bor.
Asensio, Benzema va Vini har doim birga o‘ynaydimi? Xo‘sh, bu ularning ko‘rsatayotgan o‘yiniga bog‘liq. Bizda Rodrigo bor. Azar ham asosiy tarkibda o‘ynashni xohlaydi. Umumiy olganda, bizning zaxiramiz yaxshi shakllangan.
Ochig‘i, menga hozirgi “Barselona“ yoqmoqda. Sababi, ular o‘ziga xos tarzda, ya’ni klub an’anaviy qadriyatlarini chetlab o‘tmagan holda rivojlanishni maqsad qilgan. Menimcha, bu jamoa Xavi bilan yaxshi tomonga o‘zgara oladi“.
Shoxrux Zoirov tayyorladi
Fikrlar