«Barselona» - «Bavariya»: Prevyu

  • 14 avgust, 2020, 13:02
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Nomlarini og‘zimiz to‘lib-toshib gapiruvchi bu ikki jamoaning bahsi kelgusida ko‘p eslanuvchi bellashuvlar qatoridan joy olishi aniq. Sababi, bu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv doim nimanidir isbotlab, hal qilib bergan. Siz bilan poytaxtiga mashhurroqligini da’vo qiladigan ikki klub haqida gaplashyapmiz. Ular shu jihatdan ham bir xil. Myunxen va Barselona yangi Evropa tamaddunida markaziy o‘rin tutgan shaharlar sifatida o‘z an’analariga ega. Ushbu ulug‘vorlik klublarida ham aks etgandek, go‘yo. Bugun neytral futbol muxlislari 90 daqiqa va balki undan ham ko‘proq vaqt mobaynida miriqib futbol ko‘rishadi. Hakamning uchrashuv yakunlanishini anglatuvchi xushtagi chalinganda ularning xursandchiliklari bir pog‘ona kamayadi. Chunki, ular yoki daho Messi, yoki Levandovski, Myuller, Noyer, Kimmix kabi «ehtiyot qismlari»dan iborat «Bavariya mashinasi» bilan xayrlashadi.
Har qanday holatda ham ikkala jamoa uchun bugun alohida kun. Ya’ni, «Barselona»ning muammoli mavsumi-yu, «Bavariya»ning shafqatsiz g‘alabalar seriyasi bugungi kunga kelib unutiladi. Endi ular eng qiyin missiyalardan birini bajarishga urunib ko‘radi. Qay biri buni uddasidan chiqishini esa tunda bilib olamiz.

Barsa

«Barselona»

«Napoli»ga qarshi uchrashuvda kataloniyaliklar baxtiga Messining kayfiyati yaxshi bo‘ldi. Nimchorak finalning dastlabki bahsini muammoli o‘tkazish, kezi kelsa, mag‘lubiyatga uchrash «ko‘k-anorranglilar» uchun odat tusiga kirib ulgurgan. Ammo javob uchrashuvlarida ular doim quvnoq, gollarga boy va eng muhimi, o‘z ustunliklaridagi futbolni ko‘rsatishadi. PSJ, «Chelsi», «Lion» va mana endi «Napoli» ham ular ro‘yxatida.
Grizmanning yuzlarida mamnuniyat aks etmayotganiga qaraganda, u haliyam «Barsa» uslubiga moslasha olmagan. Bugun «blaugranas» Messiga o‘ynaydigan klubga aylanib qolgan. Hech bir hujum Messisiz o‘tmaydi, har bir golning qaeridadir Leo masalani hal qilib berganini ko‘ramiz. Aksiga olib, Seten ham o‘ziga yarasha xarakterga ega murabbiy emas. U gapirishi kerak bo‘lgan maydonchada yordamchi murabbiy Sarabianing sergapligi ko‘pchilikning g‘ashini keltirmoqda.
«Barselona» muammolari fonida yutuqlar ham ko‘rinmay ketayotgandek. Himoyada Langle ancha o‘sishga erishmoqda. Har holda, yakuniga etgan mavsumda uning ijrosida yaqqol xatoni eslay olmaymiz. Serxio Robertoning universalligi bosh murabbiyga futbolchilarni almashtirmasdan taktikani o‘zgartirish imkonini beradi.
Messi Antuanga engillik yaratib berish maqsadida o‘ng qanotni unga taqdim qilmoqda. Endi uning javob qaytaradigan payti keldi. Bugun tunda kamida bitta futbolchi doimiy, yana bir futbolchi vaziyat taqozosiga qarab argentinalikka tan soqchilik qiladi. Mana shunday paytda Grizmann va Suaresda nisbatan kattaroq bo‘shliq paydo bo‘ladi. Aniqki, har ikki jamoada ham vaziyatlar bo‘ladi. Katalon klubi o‘z vaziyatidan maksimal foydalanishi ularga g‘alaba taqdim qiladi.

Taxminiy tarkib: Ter Shtegen, Semedu, Pike, Langle, Alba, De Yong, Buskets, Vidal, Messi, Suares, Roberto.
Ishtirok eta olmaydi: Umtiti

barsa sostav_2

«Bavariya»

Myunxenliklarni to‘xtatib bo‘lmayotgani haqidagi ko‘p gaplarni eshitmoqdamiz. Ammo bu har doimgi gap. Ular katta jamoalarga qarshi uchrashuvlargacha barchasini a’lo darajada bajarib kelishlari odat tusiga kirib qolgan. «Chelsi» ustidan qozonilgan ikkita yirik hisobdagi g‘alaba ularga xotirjamlik bera olmaydi. Ya’ni, jamoaning avvalgi natijalari bugungi uchrashuvda unutiladi. Mana shu erdan boshlab «Bavariya»ning asil kuchiga baho bera olamiz. Jamoada potentsial yuqori. Barcha futbolchilar o‘zlarining eng yaxshi formalarida bo‘lib turibdi. Bugun Kimmix Messiga ko‘proq e’tibor berishi katta ehtimol. Yosh bo‘lishiga qaramay «Bavariya» va Germaniya milliy terma jamoasida etakchi o‘rin tutuvchi ushbu futbolchi Flik ishonsa bo‘ladigan yigitlardan. Ha, Devis tezkor, driblinglari yaxshi, himoyada ishonchli. Ammo 19 yoshli bolakayning bu kabi sifatlari aynan uning qanotidan ko‘proq hamla qiladigan Messi uchun ahamiyatga ega bo‘lmay qolishi mumkin.
Levandovski esa qayta tiklanishi mumkin bo‘lgan «The Best» sovrinini yutish uchun Leoning imtihonidan o‘tishi kerakdek tuyulmoqda. Xohlaymizmi, yo‘qmi agar «Barsa» ushbu turnirni yutadigan bo‘lsa 6 karra «Oltin to‘p» sohibining yil futbolchisi bo‘lish ehtimoli oshib ketadi. Temirni qizig‘ida bosish kerak deganlaridek, barchasi polshalikning o‘z qo‘lida va g‘alaba qozongan taqdirda, kelgusi bosqichda yana bir raqobatchi bilan yuzma-yuz kelish imkoni paydo bo‘ladi.
Ushbu uchrashuv nimalarni hal qilishini yana bir bor his etib oldik, nazarimda.

Taxminiy tarkib: Noyer, Kimmix, Boateng, Alaba, Devis, Tago, Goretska, Koman, Myuller, Gnabri, Levandovski.
Ishtirok eta olmaydi: Pavar.
So‘roq ostida: Zirkze

bavariya sostav

Murabbiylar

Kike Seten: «Bavariya»da bizni mushohadaga undovchi kuchli jihatlar ko‘p. Ular qanday pressing qo‘llashni biladi, hujumlarida rangba-ranglik va himoyada tartib bor. Umuman olganda, mukammal jamoa. Ammo biz ham o‘z rejalarimiz bilan kelganmiz. Agar raqib pressingidan chiqib ketolsak, ularga jiddiy zarbalar bera olamiz, deb o‘ylayman. Men dominant klubni ko‘rmayapman. Imkoniyatlaridan foydalangan jamoa yutib ketadi».

kike seten

Xans-Diter Flik: «Siz Levandovski va Messini solishtira olmaysiz. Robert dunyo darajasidagi markaziy hujumchi. U gollarni va’da qila oladi. Messi esa so‘nggi yillarning eng zo‘r futbolchisi. U alohida nom. Men bilmayman, kelgusida ham u kabi futbolchi dunyoga keladimi, yo‘qmi. Biz uni to‘xtatish bo‘yicha reja ishlab chiqdik, ammo sizlarga buni ayta olmayman. Eng muhimi, biz unga qarshi jamoa bo‘lib o‘ynashimiz kerak. Biz katta pressing orqali uning xohlaganini qilishiga yo‘l qo‘yib bermasligimiz kerak".

flik

Flikning so‘zlariga e’tibor bering, u nutqida «Barselona» so‘zini tilga olmadi. U Messi haqida gapirdi. U Leoga qarshi jamoa bo‘lib harakat qilmoqchi. Ha, «Bavariya» ham argentinalik tirik afsonaning kataloniyaliklar safida yolg‘iz ekanini anglab turibdi. Ammo bu qadar katta e’tiborni bir futbolchiga qaratish yaxshilikka olib kelmasligi mumkin. Har holda, «Barselona»da yana bir qator yuqori klassli futbolchilar bor.
Seten ham bizga «Bavariya»ni ochib berdi. Ular barcha jihatdan tom ma’nodagi mashina. Bugun Levandovski va uning sheriklarini to‘xtatib qolish uchun «Barsa» himoyasi yaxshigina ter to‘kishi kerak.
Shaxsiy xulosa o‘rnida, ushbu to‘qnashuvning minimal darajadagi favoriti «Bavariya» ekanligini e’tirof etgan bo‘lardim. Barchasi Leoning kayfiyatiga bog‘liq uchrashuv haqida gapirar ekanmiz, bundan ortig‘ini ayta olmayman. Chunki, bugun Messini ko‘rganim yo‘q…

bavariya

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!