"Bavariya" xaridorlarga Kim Min Jэning narxini aytdi
Pulni sanayvering
«Tottenxem» va «Aston Villa» klublari «Bavariya» himoyachisi Kim Min Je uchun nemis jamoasi qancha miqdorda to‘lov talab qilishi mumkinligini bilib oldi. Bu haqida Sports Mole xabar berdi.
29 yoshli Janubiy Koreya terma jamoasi a’zosi 2023 yildan buyon «Bavariya» sharafini himoya qilib kelmoqda. Ungacha futbolchi «Napoli» tarkibida o‘ynagan. Myunxen klubiga o‘tganidan beri Kim rasmiy uchrashuvlarda jamoa safida 121 marta maydonga tushgan.
Joriy mavsumda koreyalik futbolchi asosiy tarkibda doimiy o‘ringa ega emas. Bosh murabbiy Vensan Kompani markaziy himoyada Kim o‘rniga ko‘proq Jonatan Ta va Dayo Upamekanoga ishonch bildirmoqda.
Manbalarga ko‘ra, «Bavariya» Kim Min Jeni sotish variantini ko‘rib chiqishga tayyor, ammo bu faqat munosib almashtirish topilgan taqdirda amalga oshishi mumkin. Shu bilan birga, himoyachining ketishi qishki transfer oynasida emas, balki yozda ro‘y berishi ehtimoli yuqoriroq deb baholanmoqda.
Xabarga ko‘ra, taxminan 34,5 million yevro atrofidagi taklif futbolchini qo‘lga kiritish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Kim Min Jening «Bavariya» bilan amaldagi shartnomasi tugashiga esa ikki yildan kam vaqt qolgan.
Izohlar (0)