
Baxtiyor Ashurmatov noqulay ahvolda...
O‘zbek futbolining vatani hisoblanmish – Qo‘qonda doim futbol jamoasi bo‘lib kelgan. “Qo‘qon-1912”ning nomlanishi ham bevosita o‘zbek futbolining debochasi bilan bog‘liq. Anchadan beri Superligada ishtirok etib kelayotgan ushbu klub mo‘’tadillikni saqlab keladi. O‘ta yuqoriga ham chiqib ketmaydi, o‘ta pastga ham sho‘ng‘imaydi, ayniqsa oxirgi yillarda.
Endi bevosita joriy yildagi o‘yinlariga keladigan bo‘lsak, klub hozircha 10-pog‘onada ekanini bilsangiz kerak. Natijalar jamoa istagandek kechmayotgani rost. Natijalar yaqqol aytib turibdi. Bir qancha jamoalar hozirgacha to‘liq uchrashuvlarini o‘tkazishgani yo‘q. Ammo qo‘qonliklar shu kunga qadar barcha – 11 ta bahsda uzluksiz o‘ynashdi. 3 g‘alaba, 1 durang va 7 mag‘lubiyat bor. To‘plar nisbati 6\16.
Superligada eng ko‘p yutqazgan klublar ikkita bo‘lib, bular – “Lokomotiv” bilan “Qo‘qon-1912”. Baxtiyor Ashurmatov bosh murabbiylik qilayotgan jamoa aslida shunday natijalarga munosibmi? Tarkibda esa yaxshi ijrochilar yig‘ilgan. To‘g‘ri, mavsumga tayyorgarlik jarayonida bir qator etakchi futbolchilar klubni tark etishdi. Lekin murabbiylar shtabi ularning o‘rnini to‘ldirishga harakat qilishdi. Ayniqsa, Quvondiq Ro‘ziev bilan Javohir Sidiqovning qaytarilganligi klub uchun katta yutuq bo‘ldi. Shuningdek, yana bir qator Superliga havosidan bahramand bo‘lgan, ko‘pni ko‘rgan o‘yinchilar ham keldi.
Klub oxirgi marta 11 may kuni Toshkentda “Lokomotiv” ustidan g‘alaba qozondi. So‘nggi ikkita bahsda esa o‘z darvozasidan uchtadan gol o‘tkzib mag‘lub bo‘ldi. Hozircha muxlislari istagan natija kuzatilmayapti. Xo‘sh, bunga nima sabab? Tarkibda yaxshi ijrochilar bo‘lsa ham nega klub o‘ziga munosib o‘rinda emas?! Gap shundaki, jamoada moliyaviy tomondan muammolar borligi haqida eshitgandik. Katta ehtimol shu narsa natijalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgandir. Chunki futbolda doim moliyaviy holat muhim rol o‘ynaydi. Lekin bu muammo uzoq davom etmaydi va allaqachon vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarayotgan bo‘lishi ham mumkin.
Chempionatimizda terma jamoalarimizning rasmiy o‘yinlari sababli yuzaga kelgan tanaffus balki qo‘qonliklarga ijobiy ta’sir ko‘rsatar. Qolaversa, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun harakatlar olib borilyapti. Yangilik shuki, kuni kecha yangi rahbar tayinlandi. Bu xususida PFL matbuot xizmati shunday xabar qiladi: “Qo‘qon-1912” futbol klubi yagona ta’sischisining 2022 yil 30 maydagi qaroriga muvofiq Ayrapetov Grigoriy Viktorovich futbol klubi prezidenti etib tayinlandi. Mutaxassis bungacha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ishlab kelayotgandi.
2012 yildan buyon “Qo‘qon-1912” futbol klubining rahbarlik lavozimida, shu jumladan, klub prezidenti lavozimida ishlagan Tolipov Baxtiyor Odilovich avvalroq nafaqaga chiqqan bo‘lib, uning o‘rnida keyinchalik bir muddat Usmanov Asqar Karimovich futbol klubi prezidenti lavozimida faoliyat yuritdi”.
Jonkuyar ishqibozlar ushbu o‘zgarish jamoaga foyda keltirishlariga umid qilmoqdalar. Murabbiy sifatida juda talabchan bo‘lgan Baxtiyor Ashurmatov ham “Qo‘qon-1912”ning natijalaridan noqulay avholda. Boisi, u qo‘qonlik va bu erga muxlislarning istaklarini amalga oshirish uchun kelgan. Tabiiyki, ularning istaklari sevimli klubini pastki o‘rinlarda ko‘rish emas. Buni esa Ashurmatov yaxshi tushunib turibdi. Hozirgi tanaffusda jamoa o‘yinini o‘zgartirish choralarini ko‘rayotgan bo‘lsa ajab emas. Qolaversa, moliyaviy tomondan vaziyat o‘nglanadigan bo‘lsa, futbolchilardagi kayfiyat ham ko‘tariladi. Balki yozgi transfer oynasi ochilgan mahalda tarkibda yana o‘zgarishni ko‘rarmiz. Bu yog‘i murabbiylarning tuzgan rejalariga bog‘liq.
Fikrlar