Bobur Akmalov: Ishonch emas, umid bor
Xabaringiz bor, bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati-2026 saralashi doirasida Eron terma jamoasi bilan o‘ynaydi. Ushbu uchrashuv oldidan futbol jamoatchiligi fikrini o‘rgandik.
Marhamat, sharhlovchi, Kun.uz jurnalisti hamda futbol blogeri Bobur Akmalovning o‘yinoldi fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
Ertangi uchrashuvda terma jamoamizni g‘alaba qozonishiga ishonyapsizmi?
- Jamoaga g‘alaba juda zarur. Biroq bu oson bo‘lmaydi. Har doimgidek, ishonch emas, umid bor.
Sizningcha, o‘yin jarayoni qanday kechadi?
- Uchrashuv og‘ir kechadi. Bu guruhdagi ikki peshqadam terma jamoalar o‘rtasidagi bahs va ikki terma uchun ham qiyin bo‘ladi. Kecha Amir G‘alenoyi ham bu haqda aytib o‘tdi va bizga nisbatan hurmat ko‘rsatdi. Ehtimol, Eron o‘yinni "quritish"ga harakat qilishi, ochiq o‘yin taklif qilmasligi mumkin. Yana kim biladi? Oldindan biror narsa, deb bo‘lmaydi. Eronning tarkibi yoshi katta hamda tajribali futbolchilardan iboratligi va reytingda 16-o‘rinda borayotganligini tomondan ularni bizdan ustun deyishimiz mumkin. Biroq bizning ustun taraflarimiz ham bor. Jumladan, jamoamizda yoshroq hamda yugurudigan o‘yinchilar ko‘p. Shuningdek, tarkibdagilarning aksari ayni vaqtda o‘zining eng yaxshi darajasini namoyish qilmoqda. Ayniqsa, ko‘p narsani hal qilayotgan legionerlarimiz o‘zini ko‘rsatadigan payti. Himoyada ham, yarim himoyada ham, hujumda ham ustunlarimiz bor va biz ularga tayanishga haqlimiz.
Taxminan qanday hisob qayd etiladi va kimlar gol uradi?
- Hisobni taxmin qilishni yomon ko‘raman. Kimlar gol urishini ham bilmayman. Biroq kim gol urishidan qat’i nazar, o‘zimizga kerakli natijaga erishsak yaxshi bo‘lardi.
Umumiyroq savol. Termamizning ikkinchi o‘rinni olib, Jahon chempionatiga chiqish imkonyatini qanday baholaysiz?
- Ikkinchi o‘rinni olib Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatimiz juda yaxshi. Hali hech qachon bu qadar yaqin kelmagandik. Oldimizda 3 uchrashuv bor va hammasi o‘z qo‘limizda. Biz bugunni o‘zidan Jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilishimiz mumkin. Bugun bo‘lmasa, qolgan ikki uchrashuvda. Hech qanday matematikaning hojati yo‘q. Shuning uchun, bu erda ham ishonch emas, umid bor. Xuddi birinchi savolga javob berganim kabi. Olg‘a, O‘zbekiston!
Fikrlar