Bu ham epolmadi! “Chelsi” yangi bosh murabbiyni ham haydamoqchi

  • 10.04.2026 06:50
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Angliya Premier-ligasida ishlari kutilganidek ketmayotgan “Chelsi” bir necha hafta avval tayinlangan bosh murabbiy Liam Rosenyorning faoliyatidan qoniqmayapti.

So‘nggi vaqtlarda “Chelsi”ning bir nechta asosiy futbolchilari “Stemford Brij”dan ketish payiga tushib qoldi. Ular orasida Enzo Fernandez, Mark Kukurelya va Moyses Kaysedo bor. Shuningdek, Koul Palmerning ketishi ham ehtimoldan holi emas.

Jamoa ichida yanvar oyida tayinlangan Rosenyor, bor iqtidorga qaramay, jamoani  yirik sovrinlar uchun haqiqiy da’vogarga aylantirish uchun yetarli tajriba va mahoratga ega emas, degan fikr mavjud.

Football Insider nashri ma’lumotiga ko‘ra, bu shubhalar klub rahbariyatiga ham o‘tgan va ular allaqachon yangi murabbiyni taklif qilish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshlagan.

Klub bilan ishlayotgan agentlar va vositachilarga yaqin manbalar Rosenyorni “taqdiri hal bo‘lgan”, deb atashmoqda. Masala faqat uning o‘rnini kim egallashida.

Hozircha “Chelsi” qaysi yo‘nalishda harakatlanmoqchi ekani aniq emas. Klub Sesk Fabregas va Frenk Lempard kabi sobiq futbolchilarga, Luis Enrique va Unay Emeri darajasidagi tajribali murabbiylarga yoki Premier-ligada yaxshi obro‘ga ega Marku Silva, Oliver Glasner va Andoni Iraolaga murojaat qilishi mumkin, ularning shartnomalari mavsum oxirida tugaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!