
Bu jamoalarga endi durang kerak emas!
Bugun Superliganing 5-turi boshlanadi. 11 aprelda start beriladigan tur o‘yinlari 13 aprelaga qadar davom ettiriladi. Markaziy uchrashuv Toshkentda “Paxtakor” va “Andijon” jamoalari ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
11 aprel
18:00. “Mash’al” – “Neftchi”
Superliganing 5-turini “Mash’al” va “Neftchi” klublari boshlab beradilar. Hech kimga sir emaski, bu o‘yinda favorit farg‘onaliklar. O‘tgan turda vodiy derbisida iroda ko‘rsatib dastlabki uch ochkoni qo‘lga kiritgan Vitaliy Levchenko jamoasini endi “Mash’al” kutmoqda. Pro ligadan chiqqan jamoa hozircha o‘z o‘yinini topib olish jarayonida va bunga erishguncha ochko yo‘qotishlari uchramoqda. Lekin “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etib qaytishganini unutmaslik kerak. Chempionlik uchun kurashayotgan “Neftchi” mag‘lubiyatsiz ketyapti, ammo duranglari ko‘payib qoldi. Ularga endi durang kerak emas!
20:15. “Navbahor” – “Sho‘rtan”
Vodiyning yana bir jamoasi – “Navbahor” Namanganda, muxlislari qarshisida G‘uzorning “Sho‘rtan”ini qabul qiladi. Pro ligadan Superligaga qaytgan g‘uzorliklar dastlabki 4 ta turda 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etib, musobaqa jadvalida oxirgi o‘rinda boryapti. Tabiiyki, ushbu uchrashuvda namanganliklarning imkoniyati yuqori baholanmoqda. Qolgani esa maydonda hal bo‘ladi.
12 aprel
18:00. “Qo‘qon-1912” – “Buxoro”
O‘tgan yili pro ligada to‘qnashishgan klublar endi elitada g‘oliblik uchun kurashishadi. Bilasiz, qo‘qonliklar hali g‘alaba nashidasini surishgani yo‘q. Hatto, O‘zbekiston Kubogida ham o‘z uyida birinchi liga vakili bilan durang o‘ynab qo‘ydi. “Buxoro”da esa 2 g‘alaba va 2 mag‘lubiyat bor. Ulug‘bek Baqoev jamoasi kutilganidek jangovar o‘yin namoyish etmoqda. Qo‘qondagi o‘yinda ham tomonlar bir-biriga jang taklif qilishiga shubha yo‘q. Bahrom Haydarov jamoasi uchta durang o‘ynab bo‘ldi va endi ularga faqat g‘alaba kerak.
19:00. “Dinamo” – “So‘g‘diyona”
Mag‘lubiyatsiz ketayotgan “Dinamo”ni o‘z uyida “So‘g‘diyona”ga qarshi bahs kutyapti. Bir-biriga munosib raqiblar. Faqat “So‘g‘diyona” uchun kutilmaganda mavsum omadsiz boshlanib, ketma-ket uchta mag‘lubiyatga uchradi. O‘tgan turga kelib ilk g‘alabasiga erishdi va “Paxtakor” taslim etilgani e’tiborga molik. Bu esa Ivan Boshkovich jamoasini balki asta-sekin o‘ziga kelayotganidan darakdir. Muxlislar qiziqarli to‘qnashuv guvohiga aylanishadi.
20:15. “Bunyodkor” – “Qizilqum”
Ilyos Zeytullaev ustozlik qilayotgan “Bunyodkor” mavsumni yaxshi boshladi. Hozirda 10 ochko bilan peshqadamlardan biri bo‘lib turibdi. Hali mag‘lubiyatga uchramagan “Bunyodkor” o‘z maydonida “Qizilqum”ni qabul qiladi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumning ilk uchrashuvida “Bunyodkor” Toshkentda aynan “Qizilqum”ga yutqazib, chempionatni mag‘lubiyat bilan boshlagandi. “Qizilqum” bosh murabbiyi serbiyalik Nikola Lazarevich betobligi uchun davolangani yurtiga ketgan. U sog‘aygach qaytadi, ungacha Akmal Holiqov “Qizilqum”ni o‘yinlarga tayyorlab turadi.
13 aprel.
16:45. “Xorazm” – OKMK
Hakim Fuzaylov jamoasi bu safar Mirjalol Qosimov boshchilik qilayotgan OKMKga qarshi saf tortadi. Hozirda olmaliqliklar mag‘lubiyatsiz odimlab, to‘plar nisbatiga ko‘ra birinchi o‘rinda boryapti. Mavsumni ikkita g‘alaba bilan boshlagan “Xorazm” keyingi turda “Buxoro”ga 1:4 hisobida engildi. O‘tgan turda esa “Qizilqum”ga qarshi o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuvi qoldirildi. Oxirgi bellashuvi O‘zbekiston Kubogi doirasida “Olimpik Mobiuz”ga qarshi o‘tdi. 2:0 hisobida engilayotgan “Xorazm” kambek evaziga 4 ta gol urdi. OKMK esa Kubokda “Paxtakor”ga 2:1 natijasi bilan mag‘lub bo‘ldi. Umuman olganda, “Xorazm” – OKMK qarama-qarshiligiga qiziqish yuqori. Urganchliklarning etakchiga qarshi qanday o‘yin namoyish etishini ko‘rish ham o‘ziga yarasha qiziqarli.
18:00. “Paxtakor” – “Andijon”
Chempionatni barqaror boshlay olmagan “Paxtakor”ni endi Toshkentda O‘zbekiston Kubogining amaldagi g‘olibiga qarshi o‘yin kutib turibdi. Aleksandr Xomyakov jamoasi etakchilarga qarshi qanday o‘ynashni yaxshi biladi. Shu faktorni inobatga olganda “Sherlar” va “Burgutlar” o‘rtasidagi to‘qnashuv jiddiy kechishi va keskin ruhda o‘tishi shubhasiz. Bu to‘qnashuv turning markaziy o‘yini hisoblanadi.
20:15. “Nasaf” – “Surxon”
O‘zbekistonning amaldagi chempioni hisoblangan “Nasaf” o‘z maydonida “Surxon”ni qabul qiladi. Ketma-ket uchta mag‘lubiyatdan so‘ng o‘tgan turda nihoyat g‘alaba qozongan termizliklarni Qarshida shubhasiz murakkab uchrashuv kutyapti. “Nasaf” bu o‘yinda favorit. Agar raqibni kuchiga to‘g‘ri baho bera olsa va o‘z o‘yinini ko‘rsatsa Ro‘ziqul Berdiev jamoasi uch ochkoni qo‘lga kiritadi.
Fikrlar