Bunaqa xatolar kechirilmaydi!
Mashhur murabbiy kamchiliklarni sanab berdi
O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Valeriy Nepomnyashchiy Toshkentda o‘tgan O‘zbekiston – Rossiya o‘rtoqlik uchrashuvi (2:3) yuzasidan fikr bildirib o‘tdi.
Bellashuv 12 noyabr kuni Toshkentdagi "Paxtakor" stadionida bo‘lib o‘tdi. Rossiya terma jamoasi hisobda 0:2 orqada borayotganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda o‘yinni tubdan o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi va irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.
— Birinchi bo‘limdan so‘ng tabloda yozilgan hisob maydondagi voqealarni to‘liq aks ettirmagan, deb o‘ylayman. Chunki Rossiya terma jamoasi ikki juda g‘alati gol o‘tkazib yubordi, biroq mezbonlar darvozasi oldida ham xavfli vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi. Rossiya futbolchilari bu o‘yindan chiqarishi kerak bo‘lgan asosiy xulosa shuki, milliy terma jamoalar darajasida bunday xatolar kechirilmaydi.
Shu bilan birga, Valeriy Karpin shogirdlarining xarakterini va g‘alabaga bo‘lgan katta intilishini alohida qayd etmoqchiman.
Bundan tashqari, muvaffaqiyat omillaridan biri sifatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi zahira o‘rindig‘ining Rossiyanikiga nisbatan kuchsizroq bo‘lganini ham ta’kidlash mumkin, — dedi tajribali mutaxassis "RB Sport" nashri bilan suhbatda.
Toshkentdagi o‘yin Rossiya terma jamoasining noyabr oyiga mo‘ljallangan yig‘in dasturini ochib berdi. Keyingi nazorat uchrashuvini Valeriy Karpin shogirdlari 17 noyabr, seshanba kuni Krasnodardagi "Ozon Arena" stadionida Venesuela milliy jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bellashuv boshlanishi Moskva vaqti bilan soat 19:00 ga belgilangan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa huddi shu kuni Qatar poytaxti Doha shahrida Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. o‘yin Toshkent vaqti bilan 20:00 da boshlanadi.

Izohlar (0)