Bunaqasi kamdan-kam uchraydi

  • 21.06.2020 12:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Futbolda raqamlar ham alohida ahamiyat kasb etadi. Kimgadir buning ta’siri bo‘lsa, yana kimgadir aksincha. Ammo o‘ziga xos raqamlarni tanlab, futbol o‘ynashni yoqtiradiganlar ham talaygina. Go‘yoki, o‘sha raqam omad keltiradi, deb o‘ylashadi. Shuningdek, futbol olamida deyarli o‘ziniki qilib olgan raqamlari orqali o‘sha o‘yinchini taniydigan muxlislar ham bor.

Ilgari o‘yinchilar 1-dan 11-gacha bo‘lgan tartib raqamlari ostida maydonga tushardi. Keyinchalik bu borada hammasi o‘zgarib ketdi. Bugungi kunda futbolchilar boshqalarga sal g‘alati ko‘rinadigan, ammo o‘zlari yoqtirgan raqamlar ostida maydonga tushmoqdalar. Eng qizig‘i, ayrim holatlarda hamma ko‘nikib qolgan bir yoki ikki xonali emas, balki uch xonadan iborat raqamlar tushirilgan futbolkalarda to‘p surayotganlar ham uchraydi! Bunaqasiga esa har doim guvoh bo‘lish qiyin.

Yaqinda saytimiz orqali noodatiy raqamlardagi futbolchilar haqida maqola berilgandi. Lekin bu safargisi undan-da, noodatiy hisoblanadi, bunga ishonavering. Ayniqsa, Meksikada...

Ha, futbolkaning orqa qismiga bir yoki ikki xonali sonlarning tushirilishi oddiy holatga aylangan. Ammo uchta xonali sonlardan iborat futbolkalarni ko‘rish har qanday ishqibozni ajablantirishi va shuning barobarida hayratga solishi tayin. Meksikada o‘yinchilar xotirjam tarzda mana shunday raqamlar tushirilgan futbolkalarda to‘p suradilar. Buni quyidagi bir qancha misollar yordamida ko‘rib chiqish mumkin:

* Meksika yoshlar terma jamoasi a’zosi va «Santos Laguna» klubi vakili Adrian Losano 191-raqamli futbolkada maydonga tushadi.

* Bugungi kunda faoliyatini «Ayaks»da davom ettirayotgan Meksika milliy termasining himoyachisi Edson Alvares «Lolalar yurti»ga ko‘chib o‘tmasidan oldin mahalliy «Amerika» klubida 282- va 286-raqamli futbolkalarda o‘ynardi.

286 rakam

* Atsteklarning tarixiy yurtida uch xonali sondan iborat futbolkalarda to‘p surish allaqachon oddiy holatga aylanib ulgurgan. Shunday manzara ko‘proq bolalar hamda o‘smirlar va yoshlar jamoalarida kuzatiladi. Yanada aniqroq ifodalansa, U-13, U-15, U-17 va U-20 jamoalarida mana shunday holatlarni ko‘rsa bo‘ladi. Mahalliy qoidalarga muvofiq, klub tizimida biror-bir raqam takrorlanishi kerak emas. Masalan, asosiy tarkibda maydonga tushadigan darvozabon 1-raqamni hech kimga bermaydi. Aniqroq aytganda, o‘rinbosarlar va o‘smirlar jamoalarida shu raqamdagi futbolka ostida boshqa darvozabonning maydonga tushishiga imkon qoldirilmaydi.

* Bu hali hammasi emas. O‘yinchi qanchalik yosh bo‘lsa, uning futbolkasidagi raqamlar shunchalik yuqori bo‘lib boraveradi. Anglab turganingizdek, Meksikada bolalar va o‘smirlar jamoalarida uch xonali raqamlardan iborat futbolkalar urfga aylangan. Keyinchalik ijrochi asosiy klubga ko‘chib o‘tadigan bo‘lsa, bir yoki ikki xonali raqamlardan istaganini tanlashi mumkin. Yana bir e’tiborli fakt: basharti o‘rinbosarlar jamoasidagi futbolchi vaqtincha asosiy klubga chaqiriladigan bo‘lsa, o‘ziga tegishli va uchta xonali sondan iborat raqam tushirilgan libosida o‘ynaydi. Shuning evaziga mahalliy muxlislar va skautlar o‘sha ijrochining klub tarbiyalanuvchisi hisoblanishini bilib oladilar.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!