"Challenge Samarkand-2026": "Middle Distance"da yakuniy natijalar qanday bo‘ldi?
Challenge Samarkand-2026 triatlon musobaqasi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Turnir dasturidan Middle Distance, Sprint, estafeta, Women’s Run va Kids Run musobaqalari o‘rin oldi. Asosiy — Middle Distance bahsida professional sportchilar 1,9 kilometr suzish, velosipedda 86 kilometr masofani bosib o‘tish va 21,5 kilometr yugurishdan iborat trassani zabt etdi. Musobaqa dasturida professional erkaklar 07:00 da, ayollar 07:05 da, Age Group vakillari 07:15 da, estafeta ishtirokchilari esa 07:20 da start oldi.
Middle Distance professionallar bahsida jami 28 nafar triatlet startga chiqdi. Erkaklar o‘rtasida 14 nafar, ayollar o‘rtasida ham 14 nafar sportchi musobaqani boshladi. Yakunda erkaklar bahsida 13 nafar, ayollar bahsida 11 nafar sportchi finishga yetib kelgan, qolganlari esa masofani yakunlay olmagan.
Erkaklar o‘rtasida Fransiya vakili Sem Leydlou 3 soat 34 daqiqa 57 soniya natija bilan birinchi bo‘ldi. Daniyalik Emil Xolm 3:35:37 natija bilan ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Buyuk Britaniya vakili, musobaqaning amaldagi chempioni Uill Dreyper 3:36:10 natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasidagi kuchli o‘nlik quyidagicha ko‘rinish oldi:
- Sem Leydlou (Fransiya) — 3:34:57
- Emil Xolm (Daniya) — 3:35:37
- Uill Dreyper (Buyuk Britaniya) — 3:36:10
- Ognen Stoyanovich — 3:39:27
- Anri Shoman — 3:40:27
- Jek Xatchens — 3:41:32
- Frederik Uebb — 3:43:50
- Jonatan Homberg — 3:44:50
- Kemeron Meyn — 3:48:07
- Tomash Shala — 3:50:33.
O‘zbekistonlik professional triatlet Kamron Xodjaev ham mazkur startda yurtimiz sharafini himoya qildi. U masofani 4 soat 00 daqiqa 29 soniyada bosib o‘tib, erkaklar o‘rtasida 13-o‘rinni egalladi. Xodjaev suzishni 25:25 daqiqa, velosiped bosqichini 2:07:52 soat, yugurish bosqichini esa 1:23:51 soatda yakunlagan.

Fikrlar