“Chelsi” yangi murabbiy tanladi
“Chelsi”ga yaqinida tayinlangan bosh murabbiy Liam Rosenyorning ham kursimi qimirlab qolgan. Angliyalik mutaxassis ishdan bo’shatilgan taqdirda klub rahbariyati futbolchilik davrida “Chelsi”da o’ynagan va hozir A Seriyada “Komo”ni yaxshi boshqarayotgan Sesk Fabregasga murojaat qilishi mumkin.
Rosenyor yanvar oyida jamoani qabul qilib olgach, juda yaxshi boshlagan, ammo keyinchalik o’yin va natijalar pasayib ketdi.
Xalqaro tanaffusga kelib “Chelsi” barcha musobaqalarda ketma-ket to’rtta mag’lubiyatga uchradi.
Ayniqsa himoyadagi o’yin qoniqarsiz, 17 yanvarda “Brentford” ustidan 2:0 hisobidagi g’alabadan beri jamoa darvozasi daxlsizligini saqlab qola olmayapti.
Shu sabab Rosenyor atrofida bosim kuchaymoqda, agar “Chelsi” kelasi mavsumda Chempionlar ligasiga chiqa olmasa, klub rahbariyati murabbiyni almashtirishni jiddiy ko’rib chiqadi.
Givemesport ma’lumotiga ko’ra, “Chelsi”ga Fabregas varianti ma’qul kelmoqda. Chunki ispaniyalik mutaxassis klub falsafasini yaxshi biladi. U “Chelsi”da 4,5 mavsum o’ynagan.
Bundan tashqari, yana bir muhim omil shundaki, Fabregas yoshlar bilan ishlashni biladi, hozirgi jamoasining o’rtacha yoshi 25 yoshdan sal yuqori.
Talksport nashri ma’lumotiga ko’ra, “aristokratlar” nishonida Filipe Luis, Oliver Glasner va Xavi kabi mutaxassislar ham bor.
Fikrlar