Chempion jamoa osiyolik yulduzdan voz kechadi
Unga xaridor ko‘p
Janubiy koreyalik himoyachi Kim Min Je yozgi transferlar oynasida Bundesliga chempioni “Bavariya”ni tark etishi mumkin. Uning Turkiyaga qaytishi ehtimoli ham muhokama qilinmoqda.
Kicker nashrining xabar berishicha, “Fenerbahçe” 29 yoshli markaziy himoyachi bo‘yicha so‘rov yuborgan va uni navbatdagi transfer oynasida o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida dastlabki muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Germaniyaning rekord chempioni futbolchi uchun taxminan 25 million yevro transfer puli talab qilmoqda.
Kim Min Je 2021-2022 yilgi mavsumda “Fenerbahçe” safida to‘p surgan va o‘sha yerdagi muvaffaqiyatli o‘yinlari orqali “Napoli”ga 19 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan edi. Biroq Turkiyaga qaytish uchun himoyachi maoshini sezilarli darajada kamaytirishga rozi bo‘lishi kerak.
“Bavariya” ehtimoliy transferga qarshi chiqmaydi. Chunki o‘tgan mavsumda Kim markaziy himoyachilar ierarxiyasida Dayo Upamekano va Yonatan Tadan keyingi uchinchi tanlov hisoblangan.
Jamoada, shuningdek, Yosip Stanisich va Hiroki Ito ham bor. Biroq ikki mavsum davomida jarohatlar bilan qiynalgan Ito ham 20 million yevro atrofidagi taklif tushsa, klubni tark etishi mumkin.
Shunga qaramay, Kim Min Je yaqinda Myunxenda o‘zini yaxshi his qilayotganini aytdi.
- Doim muntazam o‘ynash yechim deb o‘ylardim, ammo hozir raqobatchi rolimdan ham mamnunman. Faoliyatimda bunchalik uzoq vaqt o‘yin amaliyotisiz qolmaganman. Avvaliga moslashish qiyin bo‘ldi, ammo vaqt o‘tishi bilan buning ijobiy tomonlarini ham ko‘rdim, - dedi futbolchi koreyalik jurnalistlarga.
Kimning “Bavariya” bilan shartnomasi 2028 yilgacha amal qiladi. Biroq u o‘tgan yoz va qishki transfer oynasida ham sotilishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida tilga olingan edi.
O‘shanda himoyachi mavsum oxirigacha kutib, vaziyati yaxshilanishini istagan. Ammo bu sodir bo‘lmadi: Upamekano va Ta hamon asosiy tarkib futbolchilari bo‘lib qolmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, agar mos taklif tushsa, “Bavariya” mavsum yakunida Kim Min Je bilan xayrlashishga tayyor.
Futbolchining vaziyatini “Yuventus”, “Milan”, “Galatasaroy” va “Beshiktosh” ham diqqat bilan kuzatmoqda. Xabarlarga ko‘ra, “Yuventus” ham allaqachon janubiy koreyalik futbolchiga aloqaga chiqqan.

Izohlar (0)