
Dibala yana safdan chiqdi
“Roma” hujumchisi Paulo Dibala A Seriyaning 20-turidan o‘rin olgan "Milan"ga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi.
Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, argentinalik futbolchi kecha "Latsio"ga qarshi o‘tgan o‘yinda jarohat olgan. Dibala son mushaklaridagi muammo tufayli tanaffusda maydonni tark etishga majbur bo‘lgan edi. Bundan avvalroq u xuddi shunday jarohat tufayli dekabr oyida bir necha hafta mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgan.
Il Corriere dello Sport nashri xabariga ko‘ra, Dibala bugun yoki ertaga Trigoriyada qo‘shimcha sinovlardan o‘tadi, biroq u “San-Siro”da bo‘ladigan o‘yinni o‘tkazib yuborishi va bir muddat maydonga tusha olmasligi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Milan” va “Roma” o‘rtasidagi bahs 14 yanvardan 15 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:45 da boshlanadi.
Fikrlar