
Diyor Xolmatov: "Maqsadim Evropada to‘p surish"
“Paxtakor” klubining kelajagi porloq futbolchilaridan biri 22 yoshli yarim himoyachi Diyor Xolmatov yakuniga etgan mavsumda “Sherlar” tarkibida hammasi bo‘lib 28 ta uchrashuvda maydonga tushdi. 2 ta gol urdi va 3 ta assist vazzifasini bajardi.
Oxirgi paytlarda Diyorni chetga ketishi mumkinligi borasidagi gap-so‘zlar yana yangramoqda. U klubda qoladimi yoki rostdan ketmoqchimi?
Qolaversa, 2024 yilgi chempionat qanday taassurot qoldirdi. Xolmatov bu borada Sports.uz jurnalistiga fikrlarini aytdi.
- Diyor, "Paxtakor" mavsumni medalsiz yakunladi. Ortda qolgan mavsum haqida nima deya olasiz? Nima uchun klub medalsiz qoldi?
- Ortda qolgan mavsum qiyin bo‘ldi. Rostini aytsam, omad etishmadi. Shunga qaramay, biz juda qattiq ishladik. Lekin hammasi Allohdan. Xudo xohlasa, biz kuchli bo‘lib qaytamiz.
- Portugaliyalik yangi bosh murabbiy keldi. U bilan gaplashdingizmi? Umuman, klubga yangi mutaxassis qanchalik zarur edi?
- Yo‘q, men hali u bilan gaplashmadim, uchrashmadim. Mutaxassis klubga qanchalik zarur edi? Bilmadim, murabbiylarni o‘z filasofiyasi, taktikasi bor. Hali yangi murabbiy bilan ishlab ko‘rmadim. Ammo “Paxtakor” har doim “Paxtakor” bo‘lib qoladi. Bu xalq jamoasi bo‘lib, unda kim qoladi, kim ketadi, baribir “Paxtakor”ni o‘z maqsadi bor – chempion bo‘lish.
- Qishda sizni "Feyenoord"ga o‘tishingiz haqida rosa ko‘p yozildi. O‘shanda rostdan ham taklif bo‘lganmi?
- Bu haqida endi bilib olasiz. Hozircha ayta olmayman.
- Yangi mavsumga rejalaringiz qanday? Oldingizda qaysi klublardan aniq takliflar bor yoki chetga ketmoqchimisiz?
- Maqsadim Evropada to‘p surish. Yoshligimdan oldimga shu maqsadni qo‘yganman. Xudo xohlasa, 37 mln xalqimizni xursand qilmoqchiman.
- Siz uchun joriy yilda o‘zbek futbolidagi eng muhim voqea qaysi bo‘ldi?
- Eng muhim voqea, menimcha, bu O‘zbekiston milliy terma jamoamiz o‘zini eng muhim o‘yinlarini yutib, JChga borish uchun katta imkoniyat bor. Bu nafaqat futbolchilarni maqsadi, balki xalqimizni orzusi ham shunday. Nasib qilsa, birgalikda jahon chempionatiga chiqib, u erda ham yaxshi natijalar ko‘rsatib qaytamiz. Nimaga bunday bo‘lmasligi kerak? Allohga oson. Biz ham maksimal harakat qilamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar