Diyora Keldiyorova qozoq tilida murojaat qildi
Jahon miqyosida tanilgan o‘zbekistonlik dzyudochi, Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova Qozog‘istonda o‘tgan Aktau Asian Open 2026 musobaqasidagi g‘alabasidan so‘ng mahalliy muxlislarga minnatdorchilik bildirdi, deb xabar bermoqda Sports.kz.
Sportchi o‘zining Instagram sahifasida Aktauda oila a’zolari bilan tushgan bir qator suratlarini joylashtirdi. Qiziq tomoni shundaki, u minnatdorchilik so‘zlarini qozoq tilida boshlagan.
«Rakhmet, Aktau!
Oilamga, yaqinlarimga va meni qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarga minnatdorman!», — deb yozadi Diyora o‘z sahifasida.
Keldiyorova Aktau Asian Open 2026 xalqaro dzyudo turnirida 52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U musobaqani chorak finaldan boshlab, dastlab qozoqistonlik Nuraylim Sarsenbekni mag‘lub etdi. Yarim finalda yana bir Qozog‘iston vakili Gulxan Shingisxan ustidan g‘alaba qozondi. Finalda esa Ozarbayjon sportchisi Farida Mirzaevani muddatidan oldin yengib, musobaqani munosib tarzda yakunladi.
Ushbu turnir Diyora Keldiyorova uchun 2024 yil Parij Olimpiadasida oltin medal qo‘lga kiritganidan keyingi va farzandi tug‘ilishi munosabati bilan berilgan tanaffusdan so‘nggi ilk rasmiy musobaqa bo‘ldi.

Fikrlar